Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YURIDIK KLINIKA: nikohni bekor qilish bilan bog‘liq takror arizaga davlat boji undiriladimi?
17:12 / 2021-01-29

SAVOL: – Nikohni bekor qilish haqidagi davo arizalarini ko‘rib chiqish uchun agar bundan oldin arizani qanoatlantirish rad etilgan bo‘lsa, yana qaytadan davlat boji to‘lanadimi?

JAVOB: – Ha, to‘lanadi. Oldingi arizangizni qanoatlantirish rad etilganligi tufayli sizning arizangizni ko‘rib chiqish qaytadan yuborilgan, deb hisoblanadi. Bu holda siz yana davlat bojini to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 42-moddasiga muvofiq, voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajrashishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, FHDYO organlari fuqarolardan voyaga yetmagan farzandlari yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining "Davlat boji to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi bo‘yicha FHDYO organlari tomonidan ajralishi uchun BHMning 1,5 dan 3 baravarigacha, ya’ni 334 ming 500 so‘mdan 669 ming so‘mgacha, er-xotinning biridan yoki ikkalasidan olinadi.

Nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalarini sudda ko‘rib chiqish uchun BHMning 2 baravari miqdorida, ya’ni 446 ming so‘m davlat boji undiriladi.

Sud qanday asoslarga ko‘ra ajrashish to‘g‘risidagi arizani qondirishni rad etishi mumkin?

Oila kodeksining 41-moddasiga ko‘ra, agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q, deb topsa, ularni nikohdan ajratadi. Nikohdan ajratishga asoslar bo‘lmaganda, sud da’voni rad etadi.

Bundan tashqari, xotinning nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga roziligi bo‘lmagan hollarda, sudya da’vo arizasini qabul qilishni rad etadi. Oila kodeksi 40-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, sud er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Er-xotinni yarashtirish maqsadida olti oylik muhlat ichida ishning ko‘rilishi bir necha marta keyinga qoldirilishi mumkin.

TDYUUning “Yuridik klinika”si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi

 

O‘zA