English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YURIDIK KADRLARNI TAYYORLASH: adolat va shaffoflik talabalarda bilim olish ishtiyoqini kuchaytiradi
10:36 / 2020-05-17

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlarda yuridik kadrlarning alohida oʻrni bor.


Mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlarda yuridik kadrlarning alohida oʻrni bor. Hozirgi kunda norma ijodkorligi faoliyatida, huquqni muhofaza qilish faoliyatida, fuqarolar va yuridik shaxslar huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida, umuman olganda barcha sohalardagi faoliyatning amaldagi qonun normalariga muvofiq olib borilishida yuridik kadrlarning xizmati beqiyos.

Qayd etilgan yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarning samaradorligi koʻp jihatdan yuridik kadrlarning bilimi, saviyasi, koʻnikmasi, shu bilan birga halolligiga bevosita bogʻliq.

Shu munosabat bilan, yuridik kadrlarni tayyorlash masalasining dolzarbligini inobatga olgan holda 2020-yil 29-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon mamlakatimizda yuridik kadrlarni tayyorlash ishlarini yuqori bosqichga olib chiqishga yoʻnaltirilganini qayd etish lozim.

Farmon bilan mazkur sohada bir qator yangiliklar joriy etildi. Jumladan, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etish belgilangani yurtimizda yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2021-2024-yillarda sudlar tizimida 860 tani, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida 699 nafar yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyoj mavjud boʻlsa, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 675 nafar, Ichki ishlar vazirligi tizimida 350 nafar, Madaniyat vazirligi tizimida 204 nafar, Davlat soliq qoʻmitasida 124 nafar, Toshkent viloyat hokimligi tizimida 104 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida 75 nafar, KDB bank tizimida 64 nafar, “Qishloq qurilish bank” ATB tizimida 64 nafar, Moliya vazirligi tizimida 55 nafar, Turonbank tizimida bu koʻrsatkich 54 nafar, “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimida 49 nafar, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida 45 nafar,“Oʻzavtomotors” AJda 36 nafar,Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 30 nafar, Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 24 nafar, 2021-2024-yillarda jami vazirlik va idoralarda 4102 nafar huquqshunoslarga ehtiyoj mavjud boʻlib, ushbu raqamlar yuridik kadrlar tizimini takomillashtirishning qay darajada dolzarb ekanini koʻrsatadi.

Har bir taʼlim muassasasida talabalar bilimini baholashda adolat va shaffoflik mezonlariga amal qilinishi talabalarda bilim olish ishtiyoqini kuchaytiruvchi omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan, Farmonning 2-bandida yuridik taʼlim va fanni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida “Elektron universitet”

(E-University) tizimini joriy etgan holda ochiq, shaffof, subyektivlik va suiisteʼmolchiliklardan xoli boʻlgan taʼlim muhitini yaratish belgilangani yuridik kadrlarni tayyorlashda ularning ijtimoiy mavqei va boshqa omillardan qatʼi nazar, bilimini baholash masalalariga xolisona yondashishni nazarda tutadi.

Oʻz navbatida, Farmonning 3-bandiga asosan TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabul parametrlari yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni monitoring qilish va prognozlashtirish elektron platformasini yaratgan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib, har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida tahlil qilish asosida shakllantirilishi hamda kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun toʻlovni, ular tomonidan oʻqishni tugatganidan soʻng, shartnomada belgilanadigan muddat davomida tashkilot-buyurtmachida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishiga haqli ekanligi belgilangan.

Mazkur chora-tadbirlar oldingi yillardagi kabi yuridik kadrlar yetishmovchiligi oqibatida vazirliklar, idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlarini yuridik xizmat xodimi bilan taʼminlay olmaslikni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, korxona, muassasa, tashkilotlar tomonidan talabalarning kontrakt toʻlovlarini keyinchalik ishlab berish majburiyati bilan toʻlab berilishi belgilangani kontrakt toʻlovlarini toʻlash imkoniga ega boʻlmagan talabalarga moddiy koʻmak berilishini taʼminlaydi.

Farmonning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, uning 13-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga uch oy muddatda Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, xodimlar va talabalar (oʻquvchilar)ning odob-axloq kodeksini, xodimlarni korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilishning shaffof tartibini tasdiqlash hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyani tuzish hamda TDYUUni 2030-yilgacha xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi eng yaxshi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish, shuningdek, uning milliy reytingdagi oʻrnini yuksaltirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifalari yuklatilgan boʻlib, mazkur chora-tadbirlar oʻqituvchilar va talabalarning oʻzaro munosabatida oʻzaro hurmat, axloq normalariga qatʼiy rioya qilinishiga, korrupsiyaviy omillar tufayli amaliyotga bilimi va saviyasi past yuridik kadrlarning chiqarib berilishi natijasida turli salbiy oqibatlar yuzaga kelishining oldini olishga, shuningdek, TDYUUning xalqaro nufuzini oshirish orqali mamlakatimizda yuridik kadrlarni tayyorlash sifatini yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Farmon bilan TDYUUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etilishi va ushbu fakultet zimmasiga xalqaro xususiy huquq, shu jumladan xalqaro arbitraj huquqini chuqur oʻrganish, shuningdek, milliy va yapon, nemis huquqi hamda boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquq tizimlarini qiyosiy tadqiq qilish asosida yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash;Yaponiya, Germaniya va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquqi va huquqiy tizimlarining qiyosiy tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish va milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;xorijiy huquq va huquqiy tizimlarni qiyosiy tadqiq qilish maqsadida xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi hamda stajirovkalarni tizimli asosda tashkil etish;konstitutsiyaviy, fuqarolik, maʼmuriy, jinoyat, jinoyat-protsessual va huquqning boshqa sohalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish kabi vazifalarning belgilangani eʼtiborga molik. Sababi qonun ijodkorligi, huquqni qoʻllash amaliyoti borasida muvaffaqiyatli tajribaga ega boʻlgan Germaniya, Yaponiya kabi davlatlarning tajribasini oʻrganish asosida ularning ijobiy jihatlarini implementatsiya qilish mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, umuman olganda olib borilayotgan islohotlarning qonun ustuvorligiga asoslanishiga xizmat qiladi.

Ikrom Ergashev,
Toshkent davlat yuridik
universiteti dekani,
yuridik fanlari boʻyicha
falsafa doktori (PhD)