English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuridik kadrlarga ehtiyoj – adolat ehtiyoji
19:08 / 2020-05-02

Farmonda ayni ahvol va darajaning bugungi kun talablaridan ortda qolayotgani asoslanib, ularni tubdan yaxshilash va yuksaltirishning aniq choralari belgilab berilgan.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni matniga, hujjatning umumiy ruhiga sinchiklab nazar solsak, mamlakatimizni taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqish yoʻlida mustahkam huquqiy asoslar yaratilayotganiga yana bir bor amin boʻlamiz.

Zero, taraqqiyotning, millat va mamlakat takomilining tub negizida adolat, toʻgʻrilik, qonuniylik, huquq va burch hissining ustuvorligi tamal toshi yangligʻ turishi lozimligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Bu oliy qadriyatlar esa oʻz-oʻzidan, gʻoyibdan paydo boʻlmaydi. Jamiyatning millionlab aʼzolari ongi va xulqida huquq hamda majburiyat, qonunga hurmat, unga itoat qilish, qonun oldida hammaning tengligini anglash bilan bogʻliq tushuncha va koʻnikmalarning ustuvor ekani aynan yuridik taʼlim va fanning ahvoliga, darajasiga chambarchas bogʻliqdir.

Farmonda ayni ahvol va darajaning bugungi kun talablaridan ortda qolayotgani asoslanib, ularni tubdan yaxshilash va yuksaltirishning aniq choralari belgilab berilgan. Mazkur chora-tadbirlar soni shu qadar koʻp va koʻlami kengki, ularning hammasini birgina chiqish bilan qamrab olib boʻlmaydi, albatta. Shu tufayli biz bugun hujjatning bir bandi (Farmonning 3-bandi) – yuridik kadrlarni tayyorlashga buyurtma shakllantirish masalasining ayrim jihatlariga toʻxtalamiz, xolos.

Mazkur bandda, jumladan, “TDYUU, yuridik fakultetlar va yuridik texnikumlarga qabul parametrlari yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni monitoring qilish va prognozlashtirish elektron platformasini yaratgan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarida joriy va istiqboldagi yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olib, har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida tahlil qilish asosida” shakllantirilishi belgilangan.

Hujjatning mana shu birgina bandi va uning ham bir xatboshisida nazarda tutilayotgan maqsad va vazifalar mohiyatiga chuqurroq eʼtibor qaratish zarur. Zero, bu yerda gap butun davlatning, jamiyatning, jumladan har bir fuqaroning ertangi erkin va tinch hayoti, turmushi, ishi, oilasi – barcha-barcha ehtiyoj-istaklarining huquqiy taʼminoti va himoyasiga erishish ustida bormoqda.

Chunki, yuqorida aytganimiz oʻsha huquqiy taʼminot va himoyani kim amalga oshiradi, oʻz zimmasiga oladi? Albatta, “davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, turli mulkchilik shaklidagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarida” ishlaydigan huquqshunoslar, halol va adolatli mutaxassislar. Oʻsha mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoj, chanqoqlik qanchalik tez, aniq, rejali qondirilsa, ishonaylikki, jamiyatning barcha pogʻonalari, kengliklarida adolatsizlik, huquqni toptash, uni mensimaslik, odamlarni sarson-sargardon qilish holatlari keskin kamayadi. 

Qolaversa, hujjatda mazkur ehtiyoj “har bir hudud, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar kesimida” aniq oʻrganilib, buyurtma shakllantirilishi aytilmoqdaki, bu hol, yuqorida taʼkidlaganimizdek, barchaning va har bir fuqaroning kafolatlangan huquqiy makon – yuridik aura bilan toʻla qamrab olinishiga zamin hozirlaydi. Hujjatda bu ehtiyojning nafaqat joriy holati, balki istiqboldagi talablaridan kelib chiqib ish tutish ham alohida uqtirilgani – mamlakat rahbariyatining ertangi kelajak xususida ham hozirdan oʻylayotganiga yaqqol dalildir.

Bunga qoʻshimcha, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi har yili ish beruvchilarning yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari haqidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligiga taqdim etishi toʻgʻrisidagi tartibning joriy qilinishi natijasida koʻriladigan samarani ham bir tasavvur qilaylik. 

Demak, yaqin kelajakda fuqarolarimiz yashaydigan, mehnat qiladigan, ilm yoxud hunar oʻrganadigan, dam oladigan, sayohat qiladigan, davolanadigan – barcha-barcha joyda ularning huquq va majburiyatlarini ilmiy va amaliy tushuntira oladigan, himoya va targʻib qiladigan, ular nomidan ish koʻrishni malakali amalga oshira oladigan mutaxassis kadrlar boʻladi. Millionlab odamlar u yoxud bu masala yechimini izlab idorama-idora ariza koʻtarib sarson boʻlmaydi, kerak boʻlsa, oʻziga ham bilinmay buzilayotgan huquqlarining himoyachisiga ega boʻladi.

 Davlat va jamiyat boshqaruvi organlari rahbarlari esa oʻzi va boshqalar faoliyatining qonunga qanchalik muvofiqligini malakali belgilab, aniqlab beradigan xodimlarga ega boʻladi,bu masalalar bilan shugʻullanishni ularga ishonib topshiradi, aynan ulardan qonuniy ijrosini soʻraydi...

Taraqqiy etgan davlatlarning, jamiyatlarning barchasida ayni shu tartib amal qiladi, xuddi soat mexanizmidek aniq ishlaydi. Xuddi shu mexanizm ishlagani, amaldan ogʻishmagani tufayli ham ular nomiga ilgʻor, demokratik, huquqiy davlat va jamiyat degan sifatlar qoʻshib aytiladi.

Ishonamizki, Prezidentimizning Farmonida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarilishi – biz bilan sizning, Oʻzbekiston deya atalmish ona Vatanimizning ana shunday yorugʻ manzillarga yetib borishida, shunday ezgu sifatlar bilan eʼzozlanishida muhim, hal qiluvchi qadamlardan biri boʻladi.

Otabek BOBOJONOV,
yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori.