Mamlakatimiz yuridik fan sohasining yetuk va ardoqli vakili, yuridik fanlari doktori, professor Adik Aleksandrovich Li 80 yoshga to‘ldi.
A.Li yuridik fanning turli yo‘nalishlari, ayniqsa “Moliya huquqi”, “Bank huquqi”, “Soliq huquqi” va “Davlat xizmati” sohalarini ilmiy-amaliy jihatdan rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shgan, ko‘p yillik faoliyati davomida o‘nlab ilmiy nashrlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida tanilgan salohiyatli olimdir.
Xususan, u 10 ga yaqin darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma, 100 dan ortiq ilmiy maqolalarning muallifi hisoblanadi. Uning “Bank huquqi”, “Bankovskoye pravo”, “Moliya huquqi”, “Finansovoye pravo”, “Gosudarstvennaya slujba”, “Problemы finansovogo zakonodatelstva” va “Problemы regulirovaniye gosudarsvennoy slujbы” kabi ilmiy va o‘quv asarlari O‘zbekistonda tahsil olayotgan barcha huquqshunos talabalarni tayyorlashda foydalanib kelinmoqda.
Professor Adik Li 50 yildan ziyod vaqt mobaynida oliy ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy tadqiqotlari asosan davlat moliyasi, byudjet tizimi, soliq huquqi va davlat xizmati sohalaridagi huquqiy munosabatlarni qamrab olgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishlardagi huquqiy bazaning takomillashuvi, qonun hujjatlarining tahliliy sharhi va huquqni qo‘llash amaliyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
U kishining ilmiy merosi nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqyosda ham tan olingan. Jumladan Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Osiyo mamlakatlari “Ma’muriy huquq assotsiatsiyasi”ning xalqaro forumidagi O‘zbekiston yuridik fan vakili sifatidagi chiqishi yuqori e’tirofga sazovor bo‘lgan. Professorning ishlari respublikamizda o‘tkazilgan ko‘plab konferensiya va ilmiy forumlarda taqdim etilib, huquqshunos olimlar hamjamiyati tomonidan yuqori baholangan.
Professor Lining yetuk huquqshunoslarni tarbiyalashdagi pedagogik faoliyati va davlatimizning rivojlanishiga qo‘shgan salmoqli hissasi respublikamiz rahbariyati tomonidan ko‘p marotaba e’tirof etilgan bo‘lib, u “O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga 30 yil” va I-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Ayni paytda professor Adik Li Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasida faoliyat yuritmoqda. U kafedraning ilmiy va ta’lim salohiyatini yuksaltirish, o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etishda faol ishtirok etmoqda. Uning ilmiy rahbarligida bugungi kungacha kafedra a’zolaridan 5 nafari bevosita fan nomzodligi va fan doktorligi dissertatsiyalarini himoya qilgan. Bundan tashqari 10 dan oshiq kafedra professor-o‘qituvchilarining dotsent va professor ilmiy unvonlarini olishda o‘zining beg‘araz va samimiy yordamlarini ko‘rsatgan.
U kishining huquqshunos kadrlar tayyorlash borasidagi xizmatlari beqiyos. Professor Adik Li talabalarga huquqiy fanning nazariy asoslarini tushuntirish bilan birga, ularda tanqidiy fikrlash, huquqiy tahlil va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga katta e’tibor qaratadi. U o‘zining pedagogik faoliyatida 100 nafardan ortiq magistr va bakalavrlarga ilmiy rahbarlik qilib, ularning ilmiy ishlarini munosib himoya qilishlariga o‘z xissasini qo‘shgan.
Professor Adik Li jamoada hurmatga sazovor ustoz sifatida tanilgan. U ko‘plab yosh tadqiqotchi va o‘qituvchilarning ilmiy yo‘nalishlarini aniqlashda, ilmiy metodologiyani tanlashda va ularning tadqiqotlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda maslahatchi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi sifatida munosib o‘rin tutadi. Kafedra rahbariyati bilan yaqin hamkorlikda ishlab, muhim tashkiliy va ilmiy masalalarda o‘zining boy tajribasi va bilimlari bilan ko‘maklashib kelmoqda.
80 yosh – bu faqatgina biologik yosh emas, balki ilmiy-ma’naviy kamolot, pedagogik va ijtimoiy faoliyatdagi yuksak natijalar davridir. Professor Adik Lining hayoti – bu fidoyilik, tinimsiz izlanish va jamiyatga xizmat qilish ramzidir.
Sardorbek Yusupov,
TDYUU “Ma’muriy va moliya huquqi” kafedrasi mudiri
Sherzod Jo‘rayev,
“Ma’muriy va moliya huquqi” kafedrasi dotsenti