O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham keng qamrovli, mazmunan boy madaniy-ma’rifiy tadbirlar, shuningdek, tozalik, obodonlashtirish, ta’mirlash va qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, avvalo, el-yurtda vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, millat va davlat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Sharof Rashidov tumanidagi “Tuyoqli” mahalla fuqarolar yig‘inida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir ana shu ezgu maqsadlar ifodaci bo‘ldi.

Tuman hokimligi, Mahallalar uyushmasi va Yoshlar ishlari bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir mahalla ahli va yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan namoyish etilgan harbiy ko‘rgazma va mashg‘ulotlar bolajonlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.


Mahalla ahli, ayniqsa yoshlar tadbirda bajonidil ishtirok etishdi. Ular tomonidan namoyish etilgan she’riy va sahnaviy chiqishlar, qo‘g‘irchoq teatri aktyorlarining mahorati, bolalar qo‘shiqlari va dilbar kuy-nag‘malar orqali bayramona kayfiyat har bir yurakka samimiy tuyg‘ular bag‘ishladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari