English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurakka qo‘yilgan ishonch muhri
13:49 / 2026-03-05

FOTOREPORTAJ

Yoshlikda erishilgan e’tirof – yurakqa qo‘yilgan ishonch muhridir. U nafaqat faxr tuyg‘usini, balki sadoqat, matonat va Vatanga xizmatni talab qiladi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ana shunday yuksak ishonch ramzi hisoblanadi. Bu mukofot egasi nafaqat iste’dodi, balki ma’naviy barkamolligi va fidoyiligi bilan ham ajralib turadi.

Ana shunday matonatli, izlanuvchan va tashabbuskor ayollardan biri – Buxoro farzandi Gulnoza Aliyevadir.  

Yoshligidan sportga mehr qo‘ygan Gulnoza maktab davridanoq badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib, ushbu sport turini chuqur o‘rganishni maqsad qildi. U nafis gimnastika saroyida tajribali ustozlar qo‘lida saboq olib, iste’dodini namoyon eta boshladi.

Tinimsiz mashg‘ulotlar samarasida Gulnoza Aliyeva xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi. Rossiya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Gruziya, Ozarbayjon va Qozog‘istonda o‘tkazilgan nufuzli turnirlarda u g‘oliblik shohsupalariga ko‘tarildi. Bu yutuqlar orqali Gulnoza nafaqat o‘z nomini, balki ona shahri – Buxoroning ham sport nufuzini yuksaltirdi. Shu e’tirof sifatida u 2016-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Sport faoliyati bilan birga, Gulnoza Buxoro davlat universitetining bakalavr bosqichida sport metodologiyasi yo‘nalishida tahsil olib, bilimini yanada mustahkamladi. Bu esa uning murabbiylik faoliyatiga mustahkam zamin yaratdi.

Bugungi kunda ikki farzandning onasi bo‘lgan Gulnoza Aliyeva sportni tark etmadi. Ko‘p yillik tajribasi va bilimlarini yosh avlodga ulashishga qaratilgan. Hozirda u Buxoro shahridagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida birinchi toifali murabbiy sifatida faoliyat yuritmoqda. Sportsevar yosh qizlarga badiiy gimnastikaning nozik sirlarini o‘rgatib, ularni katta sportga tayyorlamoqda.

[gallery-27977]

Gulnoza Aliyevaning hayot yo‘li – matonat, sabr-toqat va mehnatsevarlik namunasi. Uning faoliyati Buxoroda sportni rivojlantirish, iqtidorli avlodni tarbiyalash va yoshlar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday fidoyi ayollar yurtimiz taraqqiyoti va yoshlar kamoloti yo‘lida xizmat qilishda davom etaveradi.

Tohir ISTATOV (surat), O‘zA