Bugun erta tongdan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida bir guruh viloyat faollari, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf qabrini ziyorat qildi, qur’on tilovat qilinib, uning xotirasi yodga olindi.
O‘zi o‘lsa o‘lar, so‘zi o‘lmaydi,
Hamisha barhayot nasl shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi,
Yurakka ko‘milar asl shoirlar…
(Muhammad Yusuf).
Ha, shoirning o‘zi yozganidek, Muhammad Yusuf millionlab she’riyat muxlislari yuragidan joy olgan, dilga yaqin yuzlab she’rlari qo‘shiqqa aylangan betakror ijodkor edi. U jisman o‘lgan bo‘lsa-da, uning ijodi, she’riyati xalqimiz qalbida mudom yashamoqda.
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf maydonida el suygan ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 71 yilligiga bag‘ishlanib, “Inson aziz, xotira muqaddas” deb nomlangan tadbirda yuqoridagi fikrlar aytildi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, adabiyot muxlislari, oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-23035]
Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Muhammad Yusuf byusti poyiga gulchambarlar qo‘yilib, marhum shoirga ehtirom ko‘rsatildi.
Muhammad Yusuf o‘z ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchini o‘z ovozi, o‘z sozi bilan jo‘shib kuylagan. Ayniqsa, uning vatanparvarlik, millatsevarlik mavzusidagi she’rlari har bir o‘zbekning yuragidan mustahkam joy olgan.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov shoir hayoti va ijodi, ayniqsa, uning yurtni, yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi betakror satrlari xalqimiz qalbidan mustahkam joy olganligi, yoshlarimizda vatanparvarlik, yurtga fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir haqiqiy adabiyot, she’riyat bayramiga aylanib ketdi.
Muhammad Yusuf nomidagi hamda Xorazmdagi Ogahiy ijod maktabi o‘quvchilarining adabiy chiqishlari, shoir ijodidan o‘qilgan she’rlar, viloyat teatri artistlarining “Mehr qolur, muhabbat qolur” deb nomlangan sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
– Muhammad Yusufning serqirra va betakror ijodi juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega, – deydi Andijon davlat universiteti Filologiya fakulteti dekani Bahodir Rahmonov. – Ayniqsa, shoir she’rlari tilining soddaligi, oddiy xalq hayoti, kechinmalari go‘zal va ta’sirli satrlarda bayon etilganligi bilan yurtdoshlarimiz qalbiga chuqur kirib borgan. Bir so‘z bilan aytganda, Muhammad Yusuf ijodi, she’riyati o‘zining xalqchilligi bilan ajralib turadi.
Shoirning sodda, samimiy va rost so‘z aytish iqtidori, aytganda ham hech kimga o‘xshamaydigan, o‘qiganda yodingizga, kuylaganda tilingizga o‘rnashib, darrov qadrdon bo‘lib qoladigan misralari uning she’rga ilohiy e’tiqod qo‘yib yashaganidan nishona.
Tadbirda ijodkor va havaskor yoshlar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar, shuningdek, san’atkorlar ijrosida uning she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar yangradi.
– Muhammad Yusuf she’rlarini judayam yoqtiraman, deyarli ularning hammasini yod olganman, – deydi tadbir ishtirokchisi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Mohinur Sotvoldiyeva. – Bo‘lib o‘tayotgan tadbir nafaqat shoir xotirasini yod olish, ijodini targ‘ib qilish, balki Vatanni sevish, ardoqlash ma’nosida ham yoshlarga ulkan ma’naviy va ruhiy ozuqa berdi.
Muhammad Yusuf xotirasiga yuksak ehtirom sifatida tavalludining 71 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar viloyatdagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida, xususan, shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasida bo‘lib o‘tmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari