O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Samarqand rassomlar maktabining yangi avlod vakillari – Nuriddin Isayev hamda Ahmad Isoyev ijodiga bag‘ishlangan “Yurak urishi” nomli badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishiga san’at ixlosmandlari, xorijlik mehmonlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan chet el diplomatik korpus vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov mamlakatimiz tasviriy san’atida Samarqand nafis san’at maktabi o‘ziga xos an’analari, taraqqiyot bosqichlariga ega ekanini e’tirof etdi.

- Bugungi kunda Samarqand rassomlik maktabi tobora rivojlanib bormoqda, - dedi Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov. – Bu esa musavvirlarimizning o‘z ustida tinimsiz ishlayotgani, izlanayotganini anglatadi.
Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bu kabi badiiy ko‘rgazmalarda ishtirok etayotganidan mamnun ekanini bildirib, keyingi yillarda ikki davlat mo‘yqalam sohiblari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik tobora kengayib borayotgani, bu kabi madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan san’at rivojiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.

Ekspozitsiyada har ikki ijodkorning 30 ga yaqin yangi asarlari o‘rin olgan. Ko‘rgazma zamonaviy rassomlarning rang, shakl va hislar uyg‘unligi orqali inson qalbini ifodalashga bo‘lgan izlanishlarini mujassam etadi.
Nuriddin Isayev ijodida sharqona ritm, rang va yorug‘likning nafis uyg‘unligi orqali xotira, vaqt va inson ruhiyatining nozik qatlamlari badiiy talqin etiladi. Bu asarlarda ranglarga nisbatan sezgirlik, falsafiy mushohada va ichki dunyoni ifodalashdagi chuqurlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda o‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasidagi muloqot, ramziy makon, sharqona timsollar boyligi va hissiyotli ohang mujassam.
San’atshunoslarning fikricha, Ahmad Isoyev abstraksiya, shakl erkinligi va rangning hissiy energiyasi orqali inson tuyg‘ulari, ruhiy holat va tabiat uyg‘unligini o‘ziga xos tarzda ifodalaydi. Uning asarlarida metafizik ohang, yorug‘lik va soyaning dinamik ifodasi, shuningdek ranglarning psixologik kuchi seziladi. Bu jihatlar rassomning zamonaviy tasviriy san’atda inson ichki olamini badiiy tahlil qilishga intilayotgan ijodiy yo‘nalishini belgilaydi.
Tadbirda O‘zbekiston tasviriy san’atini rivojlantirish hamda keng targ‘ib etishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Nuriddin Isayev Badiiy akademiyaning oltin medali, Ahmad Isoyev esa Badiiy ijodkorlar uyushmasining oltin medali bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri