Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yurak urishi”: Samarqandlik rassomlarning ijodiy muloqoti
21:15 / 2025-12-03

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston tasviriy san’at gelereyasida Samarqand rassomlik maktabining yangi avlod vakillari – Nuriddin Isayev va Ahmad Isoyev ijodiga bag‘ishlangan “Yurak urishi” nomli ko‘rgazma doirasida davra suhbati tashkil etildi.

Ijodiy uchrashuvda taniqli rassomlar, yosh ijodkorlar hamda tasviriy san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

Nuriddin Isayev 1984 yil Samarqandda tug‘ilgan. Bolaligidan uni milliy san’at, xalq an’analari va o‘rta asr me’moriy obidalaridagi ranglar, naqsh va shakllar qiziqtirgan. Ushbu qiziqish uning ijodiy yo‘li uchun asos bo‘lib, dunyoqarashiga chuqur ta’sir ko‘rsatdi.

[gallery-26540]

Rassomning asarlari  shakl va rangga bo‘lgan nozik hissi, falsafiy mushohadaga yo‘g‘rilgani bilan ajralib turadi. Uning ijodida hayot bilan to‘la asarlar – Sharqning ritmi, yorug‘lik va rangning o‘tkazishlari, chuqur ramziylik mujassam. Rang va shakllarni nozik qabul qilish orqali rassom nafaqat tashqi go‘zallikni, balki ichki ichki dunyoni ham ifoda etishga muvaffaq bo‘ladi. Rassom vaqt, xotira mavzusiga murojaat qiladi. O‘tmish va hozirgi  vaqt o‘rtasida bog‘liqlik o‘rnatilgan asarlarida rassomning rang hissi va ruhiy kechinmalari namoyon bo‘lgan.

Ahmad Isoyev esa 1988 yilda Urgut shahrida tavallud topgan. Tasviriy san’atga qiziqish unda maktab davridan boshlangan. Keyinchalik Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida tahsil oldi. Uning asarlarida asosan insonga, uning ichki holati va his-tuyg‘ulariga e’tibor qaratilgan. Rassom abstraksiya, shakllarning yemirilishi va rang orqali emotsional his-tuyg‘ularga e’tibor qaratadi. Ijodkor asarlari dinamika, yorug‘lik va soyaning ifodasi hamda hissiy kolorit bilan ajralib turadi.

– Nuriddin Isayev va Ahmad Isoyev ijodida Samarqandning nafasini his qilasiz, - deydi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi san’atshunosi Saodat Ro‘ziyeva. – Tasviriy san’at shunday makonki, unda har bir viloyatning o‘ziga xos rassomlari, o‘ziga xos ranglari mavjud. Buni samarqandlik rassomlar ko‘rgazmasida ham ko‘rishingiz mumkin. Bugungi ijodiy uchrashuvda har ikki rassom haqida ijobiy fikrlar bildirildi. Bunday muloqotlar yosh rassomlarning ijodiy o‘sishiga ko‘maklashishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.   

Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA