Taniqli ijodkor Dilorom Ismoilova – dilbar, dilkash, satrlari samimiyatga limmo-lim shoira. Uning ijodida ona-Vatan, istiqlol, milliy o‘zlik, yurtga sadoqat tuyg‘ulari, yurakning goh mahzun, gohi shodlikka to‘la kechinmalari, qalbning o‘ziga xos manzaralari ustuvor o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi, taniqli shoira Dilorom Ismoilovaning “Yaxshiyam, sen borsan” va “Vatanni jonimdek asragin” nomli kitoblari taqdimoti hamda shoira tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Adabiy tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo mamlakatimizda milliy adabiyot, kitobxonlik, ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lida ko‘plab xayrli loyihalar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
[gallery-24590]
Darhaqiqat, shoir va yozuvchilarni yangidan-yangi asarlar yozishga da’vat etish, ularning asarlarini chop etishga yaqindan ko‘maklashish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
– Dilorom Ismoilovaning kitobini o‘qiyotgan paytim bir manzara ko‘z o‘ngimda gavdalandi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ustoz shoira va jurnalist Sharifa Salimova. – Odatda biz rasm chizmoqchi bo‘lsak yoki ijodkor haqida fikr aytmoqchi bo‘lsak, bu uning ufqqa qarab borayotgan obrazi bo‘ladi. Lekin Dilorom Ismoilovaning kitobini o‘qiganda men boshqa ayol obrazini ko‘rdim. Bu yurakning ufqiga ketayotgan ayolning siymosi edi.
Darhaqiqat, shoira Dilorom Ismoilova yurak ufqlari, uning kengliklari, manzaralarini o‘ziga xos tarzda ifodalaydigan ijodkor. Uning she’rlarini mutolaa etgan inson go‘yoki o‘z yuragi, o‘zligi bilan suhbatlashgandek bo‘ladi, o‘z-o‘zini tinglashga astoydil intiladi.
Ijodkor D.Ismoilova “Yuragimda gullar shiviri”, “Rayhon isli kunlar”, “Sog‘inib ketdim”, “Mehribonim, qaydasiz”, “Vatanni jonimdek asragin” kabi she’riy to‘plamlar, “Mehr” nomli avtobiografik qissa muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Shuhrat” medali sohibasi.
Tadbirda shoira Dilorom Ismoilova ijodi, uning yangi kitoblari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari