Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurak – inson tanasidagi eng muhim organ
18:01 / 2025-09-29

29 sentyabr – Butunjahon yurak kuni

Yurak tinimsiz ishlaydigan organ bo‘lib, hayot davomida bir soniya ham to‘xtamaydi. Odatda yurak har daqiqada 60 dan 100 martagacha uradi. Bu esa bir kunda taxminan 100 ming marta, bir yilda esa 35 million martadan ortiq uradi deganidir.

Ajablanarlisi shundaki, inson yuragi o‘rtacha 70-100 yil mobaynida ishlaydi va umr davomida taxminan 2,5 milliard marta uradi. Yurakning bu xususiyati uni inson tana a’zolari orasida alohida o‘ringa qo‘yadi.

Yurak har hafta taxminan 10 ming litr qonni organizm bo‘ylab aylantiradi. Bu organizmning har bir hujayrasiga kislorod va ozuqa yetkazishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qizig‘i shundaki, yurak o‘z faoliyatida miyadan mustaqil ishlay oladi. Uni “ikkinchi miya” deb ham atashadi. Chunki yurakda alohida nerv tizimi mavjud bo‘lib, u hatto miyadan ajralgan holatda ham ura oladi.

Ko‘pchilik yurakni chap tomonda deb o‘ylaydi, aslida esa u ko‘krak qafasining markaziga yaqin, faqat ozgina chap tomonda joylashgan.

Bilasizmi, yurakning yaxshi ko‘radigan odatlari, mahsulotlari bor. Buni tushunish va shu odatlarga rioya qilish esa hayot sifatini va uzoqligini ta’minlaydi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yurak sog‘lom bo‘lishi uchun muayyan shartlar zarur. Ularni ta’minlash – inson hayoti sifati va uzoqligiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Yurak sog‘lom ovqatlanishni, jismoniy faollikni, to‘g‘ri hayot tarzini sevadi. Yurakka foydali ovqatlar: tabiiy, vitaminlarga boy meva va sabzavotlar, butun donli mahsulotlar, yog‘lar orasida esa omega-3. Qon tomirlarini tiklaydigan, xolesterinni pasaytiruvchi ovqatlar yurakning ishlashini yaxshilaydi.  

Muntazam jismoniy mashqlar (kuniga kamida 30 daqiqa), yurish, sport bilan shug‘ullanish yurakni mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilaydi, qon bosimini muvozanatlashtiradi va stressni kamaytiradi. Faol hayot tarzi ko‘plab yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda eng samarali vositadir.  

Sog‘lom vaznni saqlash, yetarlicha uyqu, stressni boshqarish va yoqimli muhitda yashash yurak uchun muhimdir. Stress darajasini kamaytirish uchun meditatsiya, nafas olish mashqlari va uyqu rejimiga e’tibor qaratish kerak.

Qon bosimini nazorat qilish uchun ovqatda tuz va qand miqdorini kamaytirish muhim. Ortiqcha tuz qon tomirlarini qattiqlashtiradi va qon bosimini oshiradi, bu esa yurak ishlashini qiyinlashtiradi.  

Darvoqe, yurak noto‘g‘ri nosog‘lom ovqatlardan, takami mahsulotlaridan, alkogol va boshqa zararli odatlardan juda qo‘rqadi.  

Sababi, yog‘li, tez tayyorlanadigan, ko‘p tuz va shakar miqdori yuqori ovqatlar yurak-qon tomir tizimi uchun katta zarar keltiradi.

Tamaki mahsulotlari qon tomirlarining tortishishiga, kislorod yetkazib berishining buzilishiga olib keladi, infarkt va insult xavfini sezilarli darajada oshiradi. Ko‘p miqdordagi alkogol iste’moli yurak to‘qimalariga zarar keltiradi, qon bosimini oshiradi va qon aylanishini buzadi.

Psixologik bosim va uzoq muddatli stress ham yurakni charchatadi, bu qon bosimini oshiradi va yurakning normal ishlashini buzadi. Ushbu omillar kasalliklarning yuzaga kelishi va og‘irlashishini tezlashtiradi.  

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklari butun dunyodagi eng ko‘p o‘lim sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Har yili 17 milliondan ortiq inson ushbu kasalliklar oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda. Bu ko‘rsatkichlar, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda yuqori bo‘lib, O‘zbekiston ham bu muammodan mustasno emas.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, ularni erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha bir qator dasturlar qabul qilingan. Muntazam tibbiy ko‘riklar va skrininglar tashkil etish, maktab va universitetlarda sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sport va jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish shular jumlasidandir.

Tibbiy xizmatlarni takomillashtirish maqsadida yurak kasalliklarini davolash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan shifoxonalar va markazlar tashkil etilmoqda. Shifokorlar malakasini oshirish va innovatsion usullarni joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotir. 

Zamonaviy tibbiyot yutuqlari va profilaktika choralari yurak kasalliklari oqibatlarini sezilarli darajada kamaytirayotgani ham bor gap.  Ammo bu choralar har birimiz yuragimizga g‘amxo‘rlik qilsak, sog‘lom ovqatlansak, muntazam harakatda bo‘lsak va stressni kamaytirsakkina samara beradi. Shunday ekan, yuragingizni asrang va unga quloq tuting.

Mohigul Qosimova, O‘zA