O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari xalqimizning milliy g‘ururi, tarixiy xotirasi va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchini ifoda etadi. Ular orasida Davlat madhiyasi alohida o‘rin tutadi — u xalqimiz yuragidan mangu joy olgan muqaddas qo‘shiqdir. U har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otadi, xalqimizga xos oliy fazilatlarni e’zozlashga chorlaydi.
1992 yilning 10 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bugun ana shu tarixiy sanaga 33 yil to‘ldi. Bu sana har bir fuqaroning qalbida ham muhim qadriyat sifatida muhrlanib qolgan. Chunki madhiya — bu xalqning orzu-umidlari, yagona maqsad va qaror topgan birligi ifodasidir.
Madhiya yangrayotganda har bir fuqaroning qalbida Ona Vatanga bo‘lgan alohida mehr va iftixor tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘ular har bir insonni mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilishga, yanada faol bo‘lishga undaydi.

Ayniqsa, sport maydonlari va Olimpiya arenalarida g‘olib sportchilarimiz bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘tarish bilan birga madhiyamiz sadolarini jahonga taratayotgani — yurtimiz obro‘si, xalqimiz sha’ni qanday yuqori ekanini namoyon etadi. Bu faxrli lahzalarni ko‘z ko‘rib, yurak his qilganda, har birimiz Vatanning ajralmas qismi ekanimizdan faxrlanamiz.
Madhiyamiz — xalqimizning ruhini, tabiatini, kudratini aks ettirgan bebaho musiqiy asar. Uning ohangida xalqimizga xos mehnatsevarlik, jasorat va matonat, quvonch va ezgulik hayoti mujassam. Shu bois undan yoshlar ham, nuroniy keksalar ham birdek ruhlanadilar. Davlat madhiyasi yosh avlod tarbiyasida katta ahamiyat kasb etadi — ularni Vatanga muhabbatli, ma’nan yuksak va jismonan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishga undaydi.
Har kuni ertalab ta’lim muassasalarida, bayramlarda yoki katta tadbirlarda madhiya yangrashi — bu Vatan sharafini doimo yurakda saqlash, istiqlol g‘oyalariga sadoqat bilan yashashga chorlovdir.
Madhiya — tinchlik, osoyishtalik, farovonlik yo‘lida birgalikda harakat qilish va kelajakni birga barpo etishga undaydigan qudratli ruh manbai.
Umumlashtirib aytganda, madhiyamiz nafaqat qudratli musiqiy asar, balki ulkan maqsadlarga yetaklovchi mafkuraviy kuch, xalqimiz birligi va bahamjihatligining timsolidir. Har bir satrida muqaddas Vatanga cheksiz muhabbat, iftixor va yurt ravnaqiga qaratilgan ezgu g‘oyalar mujassam.
Fursatdan foydanalib, shu ulug‘ sana munosabati bilan har bir yurtdoshimizni chin qalbimdan tabriklayman, shuningdek davlat madhiyasiga xurmat va e’tibor bilan yondashishga, uning ma’no-mohiyatini chuqur anglashga chaqirib qolaman. Madhiyamizning har bir ohangi qalbimizda hamisha yangrasin!
Janar Aliyeva,
xalq deputatlari Chimboy tuman Kengashi deputati,
tumandagi 17-sonli umumta’lim maktabi direktori
O‘zA