Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar Samarqandda davolanadi
10:01 / 2023-04-13

Sirdaryolik 56 nafar, Samarqandlik 145 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat byudjeti mablag‘i hisobidan davolanish imtiyoziga ega bo‘lmagan fuqarolar farzandlari Prezidentimiz yordami, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan 5 milliard 338 million so‘m mablag‘ hisobiga Samarqandda tug‘ma yurak nuqsonidan xalos bo‘ladi.

Ushbu amaliyotni Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kardioxirurgiya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Niso Turdiyeva, u boshchiligidagi samarqandlik kardiologlar amalga oshiradi. Shu maqsadda, bugun Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarma tizimidagi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tibbiyot xodimlari yordami bilan Sirdaryoda istiqomat qilayotgan, tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalar va ularning ota-onalari Samarqandga tashrif buyurdi.  

Dastlab ular, Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kardioxirurgiya bo‘limida, bo‘lim mudiri Niso Turdiyeva, u boshchiligidagi kardiologlar ko‘rigidan o‘tkazildi. Bolalarning umumiy holati o‘rganildi. Yurak tug‘ma nuqsonining xavfli va xavfsiz jihatlari o‘rganib chiqilib, jarrohlikka muhtoj bolalar ro‘yxati shakllantirildi. Yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish vaqi va sanasi belgilab olingan bo‘lsa, organizmdagi fiziologik o‘zgarishlar tufayli yurak bo‘lmasidagi teshik hajmi kichraygan bemor bolalar va ularning ota-onalari uchun muhim tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.  

– Biroq, hammasi ham emas, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Rahmonov. – Shu boisdan, tug‘ma yurak nuqsoni o‘z-o‘zidan yaxshi bo‘lib ketadi deya kutish yurakdagi tug‘ma nuqson asoratlarini chuqurlashishiga, operatsiya qilib bo‘lmaydigan holga olib kelishi mumkin.  

– Sug‘diyona ikki yoshda, – deydi uning buvisi yangiyerlik Shoyista Turdimurodova. – Tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgandi. Imkoniyatimiz yo‘qligi bois, uni o‘zimizcha davolab kelayotgan edik. Bundan bir necha kun muqaddam sirdaryolik tibbiyot xodimlari tavsiyasi asosida Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kardioxirurgiya bo‘limiga olib kelgandik. Oldiniga tekshirishdi, so‘ng nabiramni yurak sohasida murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazishdi. Rosti, juda qo‘rqqandik. Ammo, bugun barchasi o‘tib ketdi. Ko‘rib turganingzdek, nabiram yaxshi. Shifokorlar nazorati ostida davolanyapti. Buning uchun, avvalo Prezidentimizga rahmat. Bizdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlagani, farzandlarimiz sog‘lig‘i uchun qayg‘urgani uchun.  

Xovos tumanining Xovosobod mahallasida tug‘ilgan Baxtigul Yangiyeva esa endigina 12 yoshga kirdi. Unda daun sindromi, yurak tug‘ma nuqsoni bor. Oiladagi muammo, yetarlicha mablag‘ bo‘lmaganligi bois uning yurak tug‘ma nuqsoni bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmay kelinayotgandi.  

– Prezidentimiz yordam fondidan ajratilgan mablag‘ sabab qizim Baxtigulni yurak tug‘ma nuqsonidan nasib qilsa xalos bo‘lib, uyimizga xursand qaytamiz,  – deydi Baxtigulning onasi Sevara Egamova.  

Eng muhimi Baxtigulga o‘xshab yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan sirdaryolik ehtiyojmand oilalarning bemor farzandlari uzoq yillik darddan yaqin kunlarda xalos bo‘lib, yana sog‘lom hayotga qaytadi.  

Shuhrat Suyarov,  

O‘zA muxbiri