Navoiy shahri va Nurota tumanida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “O‘zbekistonda onkologik yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish”loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvlarda respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Shahnoza Bakiyeva odam papilloma virusi, gepatitning turlari, etiologiyasi, klinikasi, diagnostika va davolash, immunizatsiya masalalari yuzasidan ma’lumot berdi.
[gallery-21545]
– Prezidentimizning 2022 yil 16 mayda “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, virusli gepatitning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun yurtimizning barcha hududlarida bepul skrining tekshiruvlari o‘tkazilib, testlar amalga oshirilmoqda, – deydi Maftuna Saidova. – Bu bepul testlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, 18 yoshga to‘lgan shaxslar o‘z hududidagi oilaviy poliklinikalarga borib murojaat qilishi mumkin. Testlar natijasi musbat chiqqanda, bemorlar davolanishga yo‘naltiriladi. Gepatit “S”ni davolash uchun Misr davlati o‘zaro hamkorlik doirasida beg‘araz yordam sifatida bepul dori-darmonlar yetkazib bermoqda. Ushbu dori vositalari, testlar gepatologiya markazlariga yuboriladi va yakunlovchi bosqichlardan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘riklardan o‘tgandan keyin haqiqatdan ham gepatit aniqlansa, dorilar virusning darajasiga qarab beriladi. Uchrashuvda odam papilloma virusi haqida ham to‘xtaldik. Bu virus ayollarda ko‘p uchraydigan bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaradi. Hozirda 30 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ayollarni bepul skrining tekshiruvi bilan qamrab olishni maqsad qilganmiz. Asosiy ko‘zlangan maqsad ayollar o‘rtasida yosh o‘lim ko‘rsatgichini kamaytirish va ular orasida kasallik oqibatida kelib chiqadigan nogironlikning oldini olishdir. Chunki bir yilda bu kasallik orqali 35 yoshdan 50 yosh orasidagi 900 dan ortiq ayolni yo‘qotamiz. Bu yosh ayni davrda jamiyatga, oilasiga foydasi tegadigan yosh hisoblanadi.
Virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish kasalliklarni erta aniqlash hamda davolashning samarali usullaridan sanaladi.
Uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/52jgG0Flk3o" title="Yuqumli kasalliklarning oldini olish dolzarb vazifa" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari