Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga press-tur
12:06 / 2024-03-30

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialiga press-tur tashkil etildi.

Viloyatda yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlarni  davolash Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali, 7 ta tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi, 7 ta tuman yuqumli kasalliklar bo‘limlaridan iborat jami 15 ta muassasada amalga oshiriladi.

Viloyatda yuqumli kasalliklar shifoxonalari va bo‘limlarida jami 918 ta o‘rin mavjud bo‘lib, shundan 482 tasi bolalar, 436 tasi kattalar uchun ajratilgan. Reanimatsiya o‘rinlari soni 33 ta.

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali 220 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 120 o‘rin bolalar, 100 o‘rin kattalar uchun ajratilgan. Reanimatsiya o‘rinlari soni 12 ta.  

Filialda funksional diagnostika, laboratoriya, qabul, reanimatsiya, O‘RVI va TPZ, bolalarda o‘tkir diareya, parazitologiya, bolalarda o‘tkir virusli gepatit, o‘tkir gepatit kasalliklari, brutsellyoz, kattalarda o‘tkir ichak infeksiyalari, surunkali virusli gepatit kasalliklari, ARV terapiya bo‘limlari, yordamchi bo‘limlar, gepatologiya markazi va ambulator poliklinika mavjud. Bu yerda 70 nafar shifokor, 185 nafar hamshira, 156 nafar orastabon bemorlar xizmatida.  

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-may kunidagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2017-2018-yillarda 92 milliard so‘m mablag‘ hisobiga shifoxonada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan edi.  Natijada 120 o‘rinli   davolash bo‘limlari, oshxona, laboratoriya, ichki dorixona, fizioterapiya bo‘limlari binolari  yangidan qurildi. 100 o‘rinli  davolash bo‘limlari, qabulxona, kirxona binolari rekonstruksiya qilindi. Binolar  jami 26 xil turdagi zamonaviy davolash va diagnostika tibbiy asbob-uskunalari bilan jihozlandi.  

Birgina o‘tgan 2023-yilda filialda 13 ming 907 nafar bemor davolandi.  Filial ichki laboratoriyasi  so‘nggi rusumdagi zamonaviy bioximik, IFA, klinik analizatorlar  bilan  jihozlandi. Natijada  17 xil turdagi bioximik, 24 xil turdagi klinik va IFA usulida qondagi  gepatit A, V, S viruslarining markyorlarini aniqlash yo‘lga qo‘yildi. Laboratoriya bo‘limining zamonaviy diagnostik apparatlar bilan jihozlanishi o‘tkazilayotgan tahlillar ishonchliligini oshirdi va ularga ketadigan vaqtni qisqartirdi. Shuningdek, shifoxonada S-reaktiv oqsil, D-Dimer, prokalsitonin, koagulogramma tekshirishlari ham o‘tkazilmoqda.

[gallery-16678]

Markazda raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Filial jami 61 ta kompyuter va 33 ta printer bilan ta’minlangan. Barcha kompyuterlar ichki tarmoq orqali ulangan, internet bilan ta’minlangan. Og‘ir bemorlarni davolashda respublikaning nufuzli tibbiyot markazlari bilan telemeditsina orqali maslahat va tavsiyalar olish imkoniyati yaratilgan.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash zarurki, mazkur filial koronavirus pandemiyasi davrida viloyatda mazkur xastalikdan aziyat chekkan bemorlarni davolashda haqiqiy tayanch markazi vazifasini bajardi. Filialning fidoyi xodimlari sa’y-harakatlari bilan minglab bemorlar COVID-19dan xalos bo‘lib, oyoqqa turishdi, yuzlab bemorlarning hayoti saqlab qolindi.  

Viloyat bo‘yicha infeksionist shifokorlar uchun 127,5 shtat birligi ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda 115 nafar infeksionist faoliyat yuritmoqda. Ularning 50 nafari  (43,5%) oliy, 23 nafari (20%) I, 12 nafari (10.4%) II malaka toifasiga ega.  

Yuqumli kasalliklarning dispanser nazoratini olib borish uchun shahar va tumanlarda jami 27 ta yuqumli kasalliklar xonalari mavjud bo‘lib, ularga infeksionistlar uchun 29 shtat birligi ajratilgan, hozir 33 nafar  infeksionist faoliyat yuritadi.  

2022-yilning mos davriga nisbatan qizamiq, o‘tkir ichak infeksiyasi, ichak lyambliozi, saramas kasalliklarining ko‘payishi, shuningdek, jigar sirrozi, surunkali brutsellyoz tashxisi bilan murojaatlar ko‘paygan. Bunga aholi o‘rtasida virusli gepatitlarni erta aniqlash uchun o‘tkazilayotgan ekspress test amaliyoti ham ta’sirini o‘tkazdi.

2023-yilda avvalgi yilga nisbatan bir qator kasalliklarning kamayishiga ham erishildi. Xususan, o‘tkir virusli gepatit “A”, “V”, “S” turlari, koronavirusli infeksiya, o‘tkir respirator kasallik, o‘tkir brutsellyoz, suvchechak, skarlatina, quturish, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi singari kasalliklar turli darajada kamaygani qayd etilgan.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri