Namanganda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilariga viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi, viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxis markazi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi mutaxasislari tomonidan quturish, kuydirgi, brutsellyoz va Qrim-Kongo gemorragik isitma kabi yuqumli kasalliklar profilaktikasi hamda ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi.
Anjumanda, shuningdek, favqulodda vaziyatlar tizimida o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, aholi salomatligini muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish borasidagi vaziyat tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2026-yilgi ustuvor vazifalar, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash hamda targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Yuqumli kasalliklar nazologik birliklari, ularning etiologiyasi, epidemiologiyasi, klinikasi, qiyosiy tashxisi, davolash usullari va profilaktikasi”, “Yuqumli kasalliklarning hayvonlar o‘rtasida tarqalishining o‘ziga xos xususiyatlari va tabiiy uchoqlari” mavzularida ma’ruzalarda qatnashchilar o‘zlari uchun zaruriy tushunchalarga ega bo‘lishdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda kechgan tadbir davomida jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollarining savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA