Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘iga media-tur uyushtirildi (video)
17:26 / 2024-03-13

Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligining 27 ming 851 gektar maydonida “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i tashkil etilgan. Tog‘lar bilan o‘ralgan milliy bog‘ o‘zining bag‘rida “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob jonivorlar, qushlar, turli dov-daraxt va shifobaxsh o‘simliklar, rang-barang gullarni asrab kelmoqda. O‘ziga xos tabiat mo‘jizalariga ega bo‘lgan mazkur milliy tabiat bog‘i bilan jurnalistlarni tanishtirish maqsadida viloyat Turizm boshqarmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida media-tur tashkil qilindi.

Tong sahardan yo‘lga chiqqan ishtirokchilar manzilga yaqinlashar ekan, keng tog‘lar orasida qo‘nim topgan foydali minerallarga boy “To‘palang” suv omborida to‘xtadi. Tog‘lardagi qor va muz erishidan yig‘iladigan suv manzarasi jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Aytish kerakki, ushbu jamlangan suv bugungi kunda “To‘palang” suv ombori loyihasining birinchi bosqichi asosida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib borgan. Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi ikki millionga yaqin aholi bemalol foydalanadi. Loyihani esa 2024-yilda o‘z nihoyasiga yetkazish mo‘ljallangan.

[gallery-16382]

Ishtirokchilar navbatdagi manzilda milliy bog‘ ostonasida joylashgan Kundai juvoz qishlog‘ining go‘zal tabiat bilan tanishdi. Ular qishloqda tashkil qilingan mehmon uylari, turizmni rivojlantirish va sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni ko‘rdi. Yillar davomida tabiat bergan ne’matlarni asrayotgan Kundai juvoz va Ustochi beob, Mizot, Zanbek, Zinchob, Kishtut, Tamarxud, Zevar kabi hududlarda tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan turli dov-daraxtlar, “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob jonivorlar va qushlar, daryolarida qizil forel, shirmoy (marinka) baliqlari haqidagi ma’lumotlar ayniqsa, barchani qiziqishini oshirdi.

– Milliy tabiat bog‘i Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida 2022-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur hududda Hisor tizmasidagi tog‘-o‘rmon ekotizimi, noyob hayvon va o‘simlik turlari muhofaza qilinadi, dedi milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattorov. – Umumiy maydoni 27581 gektar bo‘lib, shu jumladan, tog‘ o‘rmonlari egallagan hudud 7294,0 gektar va dengiz sathidan 1000-3800 metrgacha bo‘lgan balandlikdagi hududni o‘z ichiga qamrab oladi. Eng yuqori nuqtasi Sagdor soyi bo‘lib, dengiz sathidan 3800 metr balandlikka ega. Balandligi 600-800 metr keladigan tik qoyalar tog‘ yuzasidan ajralib turadi. Eng yirik soylar Zevarsoy, Dilisoy, Obiferuzasoy, Tamarxudsoy, Bordonsoy, Xo‘jasiddiqsoy, va boshqalar bo‘lib, ular ichida eng sersuvi Zevarsoy hisoblanadi. Mashhur soylarimizdan biri Xo‘jasiddiqsoy bir necha 100-yillik tarixga ega.

Media-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari tik tepalikdan pastga tushib “To‘palang” suvi bo‘ylab maxsus yo‘lga qo‘yilgan katerda tabiat manzarasini tomosha qildi. Media-tur taassurotlarga boy tarzda o‘tdi.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA