Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i mamlakatimizdagi muhim muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan biri hisoblanadi.
Milliy bog‘ biologik xilma-xillikni saqlash, noyob ekotizimlarni muhofaza qilish hamda ekologik turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Milliy tabiat bog‘i tarkibiy jihatdan Tamshush va Zevar bo‘limlaridan iborat bo‘lib, mazkur hududlar tabiiy landshaftlarning rang-barangligi, boy flora va faunasi bilan ajralib turadi. Bog‘ hududi qo‘riqxona, xo‘jalik hamda rekreatsiya (turizm) zonalariga bo‘lingan. Har bir zona belgilangan muhofaza rejimi asosida faoliyat yuritadi.
— Milliy tabiat bog‘imizda zonalash tizimi tabiatni muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega, - deydi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i ilmiy xodimi Sherzod O‘roqov. — Ayniqsa, qo‘riqxona zonasida tabiiy jarayonlar inson aralashuvisiz kechadi. Bu noyob o‘simlik va hayvon turlarini saqlab qolishda muhim omil hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, milliy bog‘ hududida 55 dan ortiq yovvoyi hayvon va qush turlari mavjud. Ulardan 23 turi Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati hamda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib, doimiy ilmiy monitoring ostida saqlanmoqda.
[gallery-27284]
Shuningdek, “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i florasi ham alohida ahamiyatga ega. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida hududda 667 tur o‘simlik mavjudligi aniqlangan bo‘lib, ulardan 36 turi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA