“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida qalin qor yog‘moqda
Mamlakatimizda qahraton qish sovug‘i yumshab iliq ob-havo kuzatilayotgan bo‘lsa-da, Surxondaryo viloyatidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i hududi bugun erta tongdan yana oppoq qorga burkandi.
Bu haqida O‘zAga xabar bergan milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarovning ma’lum qilishicha, ayni paytda Hisor tog‘ tizmasidagi noyob o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega bog‘da qorning qalinligi o‘rtacha 20 santimetrni, havo harorati 5-7 daraja sovuqni tashkil etmoqda. Nazoratchilar uzluksiz kuzatuv hamda biotexnik tadbirlar tashkil etib, hududda uchraydigan yovvoyi hayvonlar va qushlarni oziqlantirmoqda. 27 ming 851 gektar maydonda tashkil etilgan milliy tabiat bog‘ida tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, ayiq, bo‘ri, qor qoploni, silovsin, olmaxon, tulki, jayra, quyon, ilon, echkiemar, qizil sug‘ur kabi hayvonlar, noyob qushlar va daryolarida qizil forel, marinka baliqlari uchraydi.
[gallery-10412]
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri