Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuqori texnologiyali turar joy kompleksi barpo etiladi
18:32 / 2020-09-22

Mamlakatimizdagi Murad Buildings qurilish kompaniyasi Qozogʻistonning BI Group developer kompaniyasi bilan hamkorlikda NRG qoʻshma korxonasiga asos soldi.


Mamlakatimizdagi Murad Buildings qurilish kompaniyasi Qozogʻistonning BI Group developer kompaniyasi bilan hamkorlikda NRG qoʻshma korxonasiga asos soldi. Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “NRG Oybek” turar joyi yangi kompaniyaning ilk investitsiyaviy loyihasi boʻladi.

Loyiha yaratuvchilarining fikricha, “NRG Oybek” poytaxtimizdagi dastlabki yuqori texnologiyali turar joy boʻlishi lozim. Uning qurilishida menejmentning ilgʻor uslublarini joriy etish, maʼlumotlarni qayta ishlash, loyihalarni ishlab chiqish va rejalashtirishda yangi qurilish materiallari va raqamli ishlanmalardan foydalanishga asosiy eʼtibor qaratiladi. Barpo etilayotgan turar joy kompleksi boʻlgʻusi egalari uchun cheksiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Ushbu majmuada istiqomat qiluvchilar oʻz xonadonlarini masofadan turib boshqarish imkoniga ega boʻladi. Buning uchun “aqlli uy” va “aqlli taʼmirlash” texnologiyalaridan foydalaniladi.

Bugungi kunda Toshkentda “aqlli uy” tizimini oʻrnatish xizmatlarini taqdim etuvchi kompaniyalar mavjud. Ayni damda poytaxtimizdagi atigi bir foizdan kam xonadonlar mazkur dasturiy-apparat kompleksiga ega. “NRG Oybek” turar joy majmuasidagi har bir xonadonda “aqlli uy” tizimi oʻrnatiladi. Unda harakat, suv va gaz sizib chiqishini oʻlchaydigan, chiroq va boshqa harajatlarni boshqaradigan qurilmalar boʻladi. 

Majmua hududiga kirishda shaxslarning yuzi va avtomobillar raqamlarini aniqlaydigan tizim oʻrnatiladi. Shu tariqa faqat shaxsiy maʼlumotlari ushbu tizimga kiritilgan shaxslargina bu yerga kira oladi, xolos. Avtomobillar uchun “aqlli turargoh” majmuada istiqomat qiluvchilarga uning avtomobili turadigan joyni koʻrsatuvchi chiroqli signallar boʻladi. “NRG Oybek” HP boshqaruv panellari bilan taʼminlangan mamlakatimizdagi ilk turar joy majmuasi boʻladi.

Shuningdek, “aqlli taʼmirlash” tizimining joriy etilishi ham bu yerda qoʻllaniladigan yangiliklardan biridir. U uyali aloqa telefonidan foydalangan holda xonadondagi taʼmirlash ishlariga buyurtma berish imkonini beradi. Buning uchun taʼmirlash ishining yoʻnalishini belgilash va xonalar dizaynini tanlash yetarli.

– Qozogʻistonlik sherigimiz developmentdagi innovatsion yondashuv, jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha boy tajriba va yirik investitsiyalar bilan Oʻzbekiston bozoriga kirib kelmoqda, – deydi Murad Buildings kompaniyasining rahbari Murod Nazarov. – Kompaniyalarimiz hamkorlikda olib boradigan saʼy-harakatlar uy-joy qurish hajmini oshirish, isteʼmolchilar uchun sifatni yaxshilash va narxlarni tushirishga yordam beradi, degan umiddamiz.

NRG korxonasi “NRG Oybek” majmuasi qurilishiga 33 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Bu mablagʻlar qariyb 60 ming kvadrat metrli uy-joy qurilishi uchun sarflanadi. Majmuaning qurilish ishlari 2021-yil avgust oyida yakunlanishi kutilmoqda.

– Ishonamanki, kompaniyalarimiz oʻrtasidagi hamkorlik Oʻzbekistonda haqiqatan ham noyob, ilgʻor loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi, – deydi BI Group kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Aydin Raximbayev. – Bizning bu boradagi imkoniyatlarimiz, ekspertizamiz va toʻplagan tajribamiz qoʻshma kompaniya muvaffaqiyatga erishishi uchun juda yaxshi asosdir. BI Group yuksak korporativ standartlar va ilgʻor texnologik yechimlarni olib kiradi. 

Murad Buildings esa Oʻzbekiston bozori, yoʻlga qoʻyilgan ishbilarmonlik aloqalari, ishonchli yetkazib beruvchilar doirasi va biznes-jarayonlarni anglashga yordam beradi. Vazifamiz faqat uylar qurishdan iborat emas, bizning yondashuvimiz – xonadon egalarining hayotini yangi darajaga koʻtaradigan chuqur oʻylangan ekotizimni yaratishni koʻzda tutadi. NRG kompaniyasi Toshkentdagi loyihalarni amalga oshirishdan tashqari, mamlakatning turli viloyatlarida ham yangi investitsiyaviy loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Aydin Raximbayevning soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda Oʻzbekistonda qurilish bozori betartib tarzda shakllangan. Bozorga kirish uchun yoʻlga qoʻyilmagan taomillar, vijdonsiz quruvchilar uchun maʼlum bir toʻsiqlar hamda uning ishtirokchilari oʻrtasida hamkorlik qilish qoidalari ham mavjud emas. Ha, mamlakatda boshqaruv organi mavjud. Bu – hokimiyat boʻlib, u qurilish uchun ruxsatnoma beradi. Biroq, bu u qadar samarali emas. 

Qozogʻiston ushbu muammoli bosqichdan oʻtib boʻldi. Oʻshanda mamlakatimizda bir kunlik ishlaydigan, zarur mablagʻi, tajribasi va mutaxassislariga ega boʻlmagan qurilish firmalari koʻp edi. Bu haqiqiy tartibsizlikni yuzaga keltirdi, koʻplab qurilishlar toʻxtab qoldi, hissadorlar esa hech narsasiz qolib ketdi. BI Group va Murad Buildings kompaniyalari “NRG Oybek” qurilishidan soʻng hamkorlikning keyingi bosqichida Oʻzbekistondagi qurilish bozorini ancha tartibga solishga yoʻnaltirilgan yangi tuzilma yaratishni rejalashtirmoqda.