Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuqori texnologiyalar va investitsiya hamkorligi – Jidda sammitidagi eng muhim tashabbuslardan biri
21:48 / 2023-07-24

Poytaxtimizda o‘tgan “Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi: ustuvor vazifa va istiqbol” mavzusidagi davra suhbati doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Shavkat Alimbekov O‘zA muxbiriga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jiddadagi sammitda yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratganini ta’kidladi:

– Davlatimiz rahbari innovatsiya, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, aqlli qishloq xo‘jaligi, nano va biotexnologiyalar sohasida hamkorlik qilish uchun platforma va ish mexanizmlari yaratish zarurligini qayd etgani sammitdagi eng muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.

Globallashuv sharoitida ushbu tashabbus, shubhasiz, o‘z vaqtida ilgari surildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlaridan biri sifatida raqamli texnologiyalarga sarmoya kiritish muhim o‘rin tutadi.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini tuzish va Kengashning birinchi yig‘ilishini Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. “Investorlar kengashi” investitsiya va innovatsiya sohasida axborot va ilg‘or tajriba almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi ayon.

Yetakchi xalqaro kompaniyalar tadqiqotiga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot bugun iqtisodiyotga nisbatan o‘rtacha 2,5 barobar tezroq o‘smoqda, raqamli texnologiyalarga kiritilgan investitsiya esa an’anaviy vositalarga yo‘naltirilgan sarmoyaga nisbatan 6,7 barobar yuqori.

Mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining investitsiya fondlari salohiyatidan samarali foydalanish va mintaqada Ko‘rfaz hamkorlari tomonidan tashkil etilgan yetakchi banklar faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ekani o‘z vaqtida ta’kidlandi, deyish mumkin.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yuqori texnologiyalar sanoat samaradorligini 30 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini 15 foiz oshirishga yordam beradi.

Prezidentimiz tashabbuslari dolzarbligi Ko‘rfaz Arab davlatlari bilan Markaziy Osiyoning sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda raqamlashtirish muhim o‘rin tutayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.