Yangiyer shahrida sportning boks turi bo‘yicha shahar ochiq birinchiligi ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqa yosh bokschilar uchun nafaqat o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish, balki o‘zaro tajriba almashish, do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda katta sport maydoniga qadam qo‘yish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Ushbu sport bayramida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan, shuningdek Qozog‘iston Respublikasidan jami 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. Turli yosh va vazn toifalarida kechgan bellashuvlar qizg‘in, murosasiz va tomoshabop ruhda o‘tdi. Har bir jangda sportchilarning jismoniy tayyorgarligi, texnikasi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ringga ko‘tarilgan har bir bokschi puxta tayyorgarligi, tezkorligi va aniq zarbalari bilan ajralib turdi. Ayniqsa, yosh sportchilarning jasorati va iroda kuchi muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Musobaqalar sport etikasi va halollik tamoyillari asosida, hakamlar hay’ati nazorati ostida o‘tkazildi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, boks sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda ularni kelgusi nufuzli musobaqalarga tayyorlashdan iborat bo‘ldi. Xalqaro ishtirokchilarning qatnashuvi bellashuvlarga alohida shukuh va raqobat ruhini bag‘ishladi.

Natijalarga ko‘ra, 2016–2017-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida 30 kg vazn toifasida yurtdoshimiz Muhammadnazar Abdunazarov g‘olib bo‘ldi. Shu yosh toifasidagi 34 kg vazn toifasida o‘tkazilgan musobaqada qozog‘istonlik Aysultan Mamatov birinchi o‘rinni egalladi.
2010–2011-yillarda tug‘ilgan qiz bolalar o‘rtasida 45 kg vazn toifasida hamyurtimiz M. Rustamova g‘alaba qozondi, 48 kg vazn toifasida esa qozog‘istonlik R. Akdidar birinchilikni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, 2014–2015-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida 34 kg vazn toifasida qozog‘istonlik Abilash Darxan, 40 kg vazn toifasida hamyurtimiz Ixtiyor Baxtiyorov, 35 kg vazn toifasida qozog‘istonlik Nurasel Muhemmedjon, 2010–2011-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bellashuvda esa 50 kg vazn toifasida hamyurtimiz Qahramon Olimjanov g‘olib bo‘ldi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, Anvar To‘ychiyev (surat) O‘zA