English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuqori samarador quyosh energiyasini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? – Mutaxassis javob berdi (+video)
17:27 / 2023-04-10

2023 yil 16 fevralda “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash kabi bir qator vazifalar belgilangan. Shuningdek, qaror bilan tadbirkorlar tomonidan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha imkoniyatlar yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.

O‘zA muxbirining Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli “Renewable energy service” MCHJ rahbari, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori G‘olibjon Qo‘ldoshev bilan suhbati aynan ushbu qaror ijrosi, davlat tashkilotlari va xonadonlarda quyosh panellarini o‘rnatish tartiblari va afzalliklari xususida bo‘ldi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 6 iyuldagi qarori bilan “Renewable energy service” MCHJ Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti yagona ta’sischiligida tashkil etilgan, – dedi G‘.Qo‘ldoshev. – U qayta tiklanadigan energiya manbalari asosidagi energiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalashtirish va ularning ishlab chiqarish quvvatlarini bashoratlash va baholash xizmatini amalga oshiradi.

– bugungi kunda mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat idoralari va tashkilotlariga, shu bilan birga, xonadonlarga ham quyosh panellarini o‘rnatish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Aytingchi, bu jarayondagi ilk yutuqlar nimadayu, muammolar nimada?

– O‘zbekistonda mavjud elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Buning qariyb 85 foizi esa tabiiy gaz vositasida olinadi. Bundan ko‘rinadiki, muammoning asosiy ildizlaridan biri elektr energiyasi barqarorligiga borib taqaladi.

Quyosh elektr stansiyalarining ko‘plab barpo etilishi, o‘zbek quyosh energetikasining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga olib keladi. Agar yirik tashkilotlar, korxonalar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ommaviy foydalanishga o‘tsa, tabiiy boyliklar zaxiralari saqlab qolinadi va tabiatga yetkazilayotgan zarar miqdori sezilarli darajada kamayadi.

Shu bilan birgalikda, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan biri bo‘lgan quyosh nurini bevosita elektr energiyasiga aylantirib beradigan fotoelektr stansiyalaridan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmay, iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

bugungi kunda davlat tashkilotlari va aholi xonadonlarida quyosh elektr stansiyalari o‘rnatilmoqda. Bu jarayon ushbu stansiyalarni o‘rnatayotgan mutaxassislar uchun tajriba va sinov hamdir.

Endi kamchiliklarga keladigan bo‘lsak, quyosh elektr stansiyalari o‘rnatilishi joylashuvi, o‘rnatilish burchagi va soyalanishiga katta e’tibor qaratilishi zarur. Sababi, mazkur stansiyalar to‘g‘ri qurilishi, soyalanish darajalari va joylashuvlarini hisobga olgan holda o‘rnatilmasa, buyurtmachi bilan o‘rnatuvchi o‘rtasida muammo vujudga keladi. Bu muammolar vujudga kelmasligi uchun to‘g‘ri o‘rnatilishi bo‘yicha texnik xulosalar olinishi talab etiladi.

– Siz rahbarlik qilayotgan korxona buyurtmachilar bilan qanday tartibda quyosh panellarini o‘rnatib beradi? Shu o‘rinda, davlatimiz tomonidan aholi xonadonlariga o‘rnatiladigan quyosh panellari uchun berilayotgan imtiyozlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Yuqorida qayd etganimdek, biz quyosh elektr stansiyalarini, loyihalash, bashoratlash, to‘g‘ri o‘rnatilishi bo‘yicha texnik xulosalar berish bilan shug‘ullanamiz. Bundan tashqari, buyurtmachi talablariga mos quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish ishlarini ham amalga oshiramiz.

Shu kungacha biz 10 dan ortiq korxona va tashkilotlarga quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatdik.

Davlat tomonidan aholi xonadonlariga quyosh fotoelektr stansiyalarni o‘rnatishga bir qator imtiyozlar mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan joriy yil 1 oktyabrda fuqarolarga Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish imkonini beruvchi onlayn elektron platforma (energymarket.uz) ishga tushirildi. Platforma orqali fuqarolar xarid qilinadigan qurilmalar uchun to‘lovlarni 2 xil usulda amalga oshirishi mumkin.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MCgZ1g4xvhY" title="Yuqori samarador quyosh energiyasini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? – Mutaxassis javob berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Masalan, fuqarolar qurilmalarni to‘liq to‘laganlarida xarajatlarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilinadi. 2023 yil 1 fevral holati bo‘yicha kompensatsiya qurilma turiga qarab, quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun 0,5 - 1 kVtgacha – BHMning 7 barobari (2,1 mln.so‘m), 1 - 1,5 kVtgacha – BHMning 10 barobari (3,0 mln.so‘m), 1,5 - 2 kVtgacha – BHMning 15 barobari (4,5 mln.so‘m) va 2 kVt va undan yuqori – BHMning 20 barobari(6,0 mln.so‘m) miqdorda ajratiladi.

Shuningdek, aholining bo‘lib to‘lash layoqatliligi skoring qilinib, ijobiy xulosa olingan taqdirda qurilmalar narxini 36 oyga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan o‘rnatib beriladi.

–Quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishda yuqori samarador quyosh energiyasini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

–O‘rnatilayotgan quyosh fotoelektr stansiyalarning joylashuv hududlarini o‘rganish zarur. Bunda o‘rnatilish burchaklarini to‘g‘ri tanlagan holda amalga omalga oshirilsa, maqsadga muvofiqdir.

Misol uchun, vodiy viloyatlari uchun o‘rnatilish burchagi boshqa, voha viloyatlari uchun boshqa. Albatta, bu talablarni inobatga olgan holda o‘rnatish lozim.

Korxonamiz xodimlari tomonidan o‘rnatilayotgan quyosh fotoelektr stansiyalari avval joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda ular o‘rnatilish joylashuv hududlariga chiqib, maxsus o‘lchov vositalari va dasturlar yordamida o‘chlovlarni amalga oshiradi. O‘rnatilishi lozim bo‘lgan maydonni soyalanish darajalarini, o‘rnatilish burchagini inobatga olgan holda qancha quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatish bo‘yicha texnik xulosa taqdim etadi.

– bugungi kunda quyosh panellarini o‘rnatadigan ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular faoliyati faqat panellarni o‘ynatish va xizmat ko‘rsatishga asoslanganmi yoki shu uskunalarni ishlab chiqarish bilan bog‘liqmi?

–Hozirgi kunda quyosh stansiyalarini o‘rnatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi ko‘plab korxonalar mavjud. Davlatimiz tomonidan katta quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini, ya’ni quyosh panellari va invertorlarni to‘liq ishlab chiqarish shu yil yakuniga qadar yo‘lga qo‘yiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari iste’molchilarning, xususan, aholining ushbu manbaga bo‘lgan ehtiyojini qoplash yo‘lida muhim qadamdir.

O‘zAmuxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi