Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda Olmazor tumanida elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.
Bu holat Olmazor va Toshkent tumanlarining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi "Sag‘bon" podstansiyasi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi vaqtda podstansiyada yuzaga kelgan nosozlik bartaraf etildi.
Avval xabar berganimizdek, Olmazor va Toshkent tumanlarining ayrim mahallalarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli “Sag‘bon” podstansiyasida nosozlik yuzaga kelgan edi.
Ushbu nosozlik “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filialining maxsus brigadalari tomonidan bartaraf etilib, bugun, soat 9:13da transformator ishga qo‘yildi va soat 12:00ga qadar hududning elektr ta’minoti bosqichma-bosqich to‘liq qayta tiklandi.
Mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlariga 50 nafardan ortiq ishchi xodimdan iborat maxsus brigada va 12 ta maxsus texnika jalb qilingan.
Nosozlik yuzaga kelgach, bu haqda Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning Toshkent shahar filiali, Olmazor va Toshkent tuman hokimliklari tomonidan iste’molchilarga axborot berildi.
Ma’lumot uchun, ushbu podstansiya “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Toshkent shahar filiali balansida bo‘lib, filial tomonidan podstansiyada olib borilayotgan ta’mirlash ishlari haqida muntazam ravishda iste’molchilarga xabar berib borildi, deyiladi xabarda.
O‘zA