Munosabat
Mamlakatimizda tarmoq va hududlarning barqaror hamda yuqori sur’atlardagi iqtisodiy o‘sishini ta’minlash bugun davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda aynan shu masala – iqtisodiyotni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, resurslardan samarali foydalanish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. Bu raqamlar jahon iqtisodiyotidagi murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiy tebranishlar sharoitida erishilganini inobatga olsak, natijaning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Eng muhimi, iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar sohasi hisobiga ta’minlangani, bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish uchun sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaygani iqtisodiyotimizda tarkibiy va sifat jihatdan o‘zgarishlar kechayotganidan dalolat beradi. Qishloq xo‘jaligida gektaridan o‘rtacha daromad 4,5 ming dollardan 5 ming dollargacha oshdi, mehnat unumdorligi 4,7 foizga ko‘tarildi. Bularning barchasi iqtisodiyotimizning yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Erishilgan natijalarni saqlab qolgan holda, iqtisodiy barqrorlikni ta’minlash biz uchun ustuvor vazifa sanaladi. Shu bois, 2026-yil uchun 6,6 foizlik iqtisodiy o‘sish va yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ehtiyotkor hisob-kitob bo‘lib, mavjud imkoniyatlar to‘liq safarbar etilsa, bundan ham yuqori natijalarga erishish mumkin.
Shu bois, Prezidentimiz har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari o‘z sohasiga zamonaviy boshqaruvni joriy etishi, sun’iy intellekt va raqamlashtirish imkoniyatlaridan foydalanishi, innovatsiya va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi shartligini ta’kidladi. Bu yondashuv iqtisodiyotda ekstensiv emas, balki intensiv o‘sish modelini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda joriy yil uchun 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi belgilangani ma’lum qilindi. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishda yangi loyihalar, avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga xizmat qilishi kerakligi belgilandi.
Qolaversa, endilikda investitsiya dasturiga kiritilayotgan har bir loyiha uning bozori, eksport salohiyati, yaratadigan ish o‘rni va qo‘shilgan qiymati asosida tanlanadi. Xususan, 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyiha alohida nazoratga olinib, ularning amalga oshirilishi uch yil davomida monitoring qilinadigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi joriy etiladi.
Xorijiy sarmoya kirib kelganda, odatda investor o‘zining xalqaro hamkorlik tarmog‘i, logistika yo‘nalishlari va savdo aloqalarini ham olib kiradi. Bu esa mahalliy mahsulotlar uchun yangi eksport bozorlarini ochadi. Masalan, xorijiy kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil etilsa, ishlab chiqarilgan mahsulotni investorning mavjud distribyutorlik tarmoqlari orqali Yevropa, Osiyo yoki Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu jihatdan qaraganda, investitsiya faqat zavod yoki uskuna degani emas. U marketing, standartlashtirish, xalqaro sertifikatlash va raqobat muhitiga moslashish imkoniyati hamdir.
Albatta, bu jarayonda mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish ham ustuvor vazifaga aylanadi. Shu maqsadda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarda mahalliy ulushni kamida 25–30 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Mahalliylashtirish loyihalari uchun 10 yilgacha xorijiy valyutada 6 foizli va milliy valyutada 12 foizli kreditlar ajratilishi, ilg‘or texnologiyalar transferi uchun 1 million dollargacha kompensatsiya berilishi tadbirkorlik faolligini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Sir emaski, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda energiya samaradorligi va logistika tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, kichik va o‘rta korxonalarda energiya tejamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Jumladan, 2026-yilda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejash rejalashtirilgan. 917 mingta ko‘cha yoritish chirog‘ini bosqichma-bosqich quyosh panellari va avtomatik datchiklar bilan jihozlash tashabbusi nafaqat byudjet xarajatlarini qisqartiradi, balki “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amalda ta’minlaydi.
O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetdi. Biroq eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga chiqish ustuvor vazifa sifatida qo‘yildi. “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmalarini Afrika, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlarida tashkil etish, “100 ta mahsulot akseleratori” dasturini boshlash orqali eksportni yillik kamida 25 foizga oshirish mumkin.
Ayniqsa, yig‘ilishda muborak Ramazon oyi arafasida narx-navo barqarorligini saqlash, arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish belgilanganligi, o‘ylaymanki men kabi barcha yurtdoshlarimiz kutgan yangilik bo‘ldi.
Umuman olganda, belgilangan chora-tadbirlardan ko‘rish mumkinki, endilikda iqtisodiy o‘sish shunchaki raqamlar orttirish emas, balki qo‘shilgan qiymat, samaradorlik, innovatsiya va eksportga yo‘naltirilgan yangi sifat bosqichiga olib chiqiladi.
Eng muhimi, barcha islohotlar markazida inson manfaati turibdi. Yuqori iqtisodiy o‘sish – bu avvalo yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad, tadbirkorlik uchun keng imkoniyat va har bir oilaning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi demakdir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA