“O‘ztrangaz” AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi Farida Tojiboyevaning ma’lum qilishicha, diametri 1220 mm. bo‘lgan “Muborak-Yangiyer” va diametri 1220 mm. bo‘lgan magistral gaz quvuri yuqori bosimli gaz quvurlari hisoblanadi. Mazkur magistral gaz quvurlarining 4 ta tarmog‘i Samarqand viloyati hududidan o‘tadi. Quvur o‘qining har ikki tomonidan 350 metrdan masofadagi joylar tarmoqlarning himoya maydoni etib belgilangan.
–Aytish joizki, bu oraliqdagi yerlardan foydalanish va ekin ekishning belgilangan tartiblari mavjud, – dedi F.Tojiboyeva. – Quvurlarning muhofaza maydonlarida mol-mulklar yoki qurilmalarning joylashtirilishi esa mumkin emas. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 9 dekabrdagi “Gaz transporti tizimi ob’ektlarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida joylashgan magistral gaz quvurlarining muhofaza maydonlarida 361 ta aholi xonadoni, 79 ta ishlab chiqarish ob’ekti va noturar joy qurilmasi mavjudligi nihoyatda achinarli holat.

Shu sababli, mavjud potensial xavfdan ogohlantirish maqsadida “Zirabuloq” magistral gaz quvurlari boshqarmasi mas’ullari qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Yerdan foydalanuvchilarni ogohlikka chaqiruvchi xatlar tarqatish va og‘zaki tushuntirishlar olib borilayotgani, sud organlariga qilinayotgan murojaatlar shular jumlasidandir. Shunday bo‘lsa-da, bu joylardan foydalanishda belgilangan qoidalarga amal qilmaslik holatlari uchrab turadi.
Yaqinda Mirbozor bozori hududidagi aholi o‘rtasida o‘tkazilgan hamkorlikdagi tadbirda shu masalaga yana e’tibor qaratildi. Targ‘ibotning ayni shu joyda o‘tkazilgani bejiz emas. Negaki, Mirbozor bozori “Muborak-Yangiyer” va “BGR-TBA-A” magistral gaz quvurining 3 ta tarmog‘i o‘tadigan hudud yaqinida joylashgan. Ushbu magistral gaz quvurlarining asosiy qismi 1965-1981 yillarda qurilganini e’tiborga olsak, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi yanada oydinlashdi.

Mutaxassislarga ko‘ra, avtomobillar turargohi quvurga juda yaqin masofada, qolaversa yoz-kuz fasllarida bozor sotuvchilari poliz mahsulotlari bilan quvurlarning himoya hududida savdo qilishadi. Bu esa odamlar va ularga tegishli moddiyatlar uchun xavfli bo‘lib, odamlarni sergaklikka chaqiruvchi jihat.
Samarqand viloyati va Narpay tuman favqulodda vaziyatlar xizmati, Narpay tuman IIB, YHXB, qo‘riqlash xizmati mas’ullari va Mirbozor bozori rahbariyati ishtirok etgan targ‘ibot tadbirida yuqori bosimli gaz quvurida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan avariya yoki baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida avtomobillar turargohini xavfsiz joyga ko‘chirish masalasiga e’tibor qaratildi. Atrofda mavjud xavf va tezkorlikda ko‘rilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Gaz quvurlari haqida ogohlantiruvchi banner o‘rnatildi.
Yana bir bor ta’kidlash kerakki, yuqori bosimli quvurlar atrofidagi hududlar xavfli hisoblanadi. Aholi salomatligi va ularning mol-mulkiga zarar yetmaslik uchun quvurlar himoya hududlarida bino va inshootlarni qurmaslik va agar bunday hududda joylashgan holatlarda ularni zudlik bilan ko‘chirish chorasini ko‘rish eng maqbul yechimdir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA muxbiri