Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YUNVTO anjumani: ochiq sessiya doirasida yalpi majlis boshlandi
13:11 / 2023-10-18

Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi hududidagi Kongress-xollda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tasarrufidagi Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi anjumani doirasida ochiq sessiya bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilish marosimidan keyin odatga ko‘ra 24-sessiya mezboni – Ispaniya Savdo va turizm vazirligi davlat kotibi Rosa Ana Morilo Rodriges majlis raisligini O‘zbekistonga topshirdi.  

Shundan so‘ng yig‘ilish boshqaruvi mamlakatimiz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovga o‘tdi. Ochiq sessiya doirasidagi birinchi yalpi majlisda dastlab YUNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili so‘z oldi. U o‘z ma’ruzasida mamlakatimiz rahbarining qat’iy tashabbuslari natijasida O‘zbekiston tuzilmaning eng faol a’zolaridan biriga aylanganini qayd etdi.  Samarqand anjumani ham ushbu fikrning tasdig‘i ekanini ta’kidladi.  

Haqiqatan ham dunyo sayyohlari e’tiborini jalb qilib kelgan Samarqand betakror qadimiy obidalari, me’moriy yodgorliklari bilan mashhur. Qolaversa, jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatida ilm-fan taraqqiyotiga ham beqiyos hissa qo‘shgan.  

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan turli davlatlar vakillari – sayyohlik sohasi uchun mas’ul vazirlar ham O‘zbekiston jahon iqtisodiyotida eng jadal taraqqiy etayotgan yo‘nalishlardan biri – turizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini e’tirof etdi.  

[gallery-14081]

Yig‘ilish doirasida sohani rivojlantirishga qaratilgan turli dolzarb masalalar bo‘yicha muhokama, munozaralar davom etmoqda.  

G‘.Xonnazarov,

A.Isroilov, O‘zA