Energetika sohasi mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘ringa ega va barqaror rivojlanishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Issiqlik va elektr energiyasini samarali ishlab chiqarish nafaqat aholi va sanoat tarmoqlarini ta’minlaydi, balki energiya tejamkorligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim natijalarga olib keladi. Shu sababli, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida amalga oshirilayotgan yangi gaz-porshenli elektr stansiyalari kabi loyihalar ahamiyatli hisoblanadi.
Ayni kunlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazida 100 MVt quvvatga ega yangi gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat barqaror energiya ta’minoti, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va tabiiy gaz tejamkorligini ta’minlash imkonini ham yaratadi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ direktori Bekzod Bo‘ronboyev bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
–Ushbu loyiha Xitoyning CNTIC, “Vpower Holdings Singapore Pte. Limited” va “Cntic Vpower Thermal Energy” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Hozirga qadar generatsiya maydonida 70 ta kogeneratsion gaz-porshen uskunalari, 70 ta issiqlik almashinuvi moduli va 35 ta transformator to‘liq joylashtirildi. Asosiy va yordamchi qurilmalarni montaj-sozlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, 110 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash maydonida 2 ta kuch transformatori, 9 ta elegaz ajratkich, 6 ta yuqori kuchlanishni ushlab turuvchi qurilmalar va 4 ta qo‘shib-ajratkich ham to‘liq o‘rnatildi.
Loyihani 2025 yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi stansiya ishga tushirilgach, 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga o‘rtacha 876 million kilovatt soat elektr va 784 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa 15 million metr kub tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Mazkur stansiya orqali o‘rtacha 365 ming xonadon elektr va 58 ming xonadon issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi, bu esa aholi hayoti va sanoat tarmoqlari uchun muhim ustuvorlik hisoblanadi.
E’tiborlisi, yangi gaz-porshenli elektr stansiyasi qurilishi Toshkent issiqlik markazining barqaror energiya bilan ta’minlanishida muhim qadam bo‘lib, aholi va sanoat tarmoqlari uchun qulaylik va ishonchlilikni ta’minlaydi. Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng energiya samaradorligi ortib, tabiiy gaz tejaladi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, elektr hamda issiqlik bilan ta’minlash ko‘lami sezilarli darajada oshadi. Bu esa mamlakatning iqtisodiy va ekologik rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sGl9gRkac-g?si=o4dQehjHyGIGLWDI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj),
O‘zA