Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yunusobod”da jahon chempionlari aniqlanadi
21:17 / 2021-12-06

Ertaga poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 86-jahon chempionatiga start beriladi.

Bugun, 6 dekabr kuni shu munosabat bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Jalud, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov hamda terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mindiboyev qatnashib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Tadbir davomida mutasaddilar jahondagi minglab og‘ir atletika mutaxassislari, ishqibozlari diqqat-markazida bo‘lgan mazkur nufuzli chempionatga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, unda ishtirok etayotgan davlatlar, musobaqalar bilan bog‘liq jarayonlar xususida so‘zlab berishdi.

– Chempionatga har tamonlama po‘xta tayyorgarlik ko‘rildi. Bugungacha dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 500 nafarga yaqin sportchi va mutaxassislar, og‘ir atletika federatsiyasi vakillari, hakamlar, texnik komissiya vakillari Toshkentga yetib kelishdi. 

Musobaqalarda umumiy hisobda dunyoning 74 ta davlatidan 187 nafar xotin-qiz va 245 nafar erkak og‘ir atletikachilar jahon chempionligi uchun o‘z vaznlarida bellashishadi. Ertadan boshlab musobaqalarning xalqaro transliyatsiyasi dunyoning 50 dan ziyod davlatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov.

[gallery-4967]

Jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mindiboyev, mamlakatimizning 4 nafar xotin-qiz va 10 nafar erkak og‘ir atletikachilari 86-jahon chempionatida qatnashishini aytib o‘tdi.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Jalud jahon og‘ir atletikasi uchun tarixiy chempionatning O‘zbekistonda o‘tkazilayotganligi katta ahamiyatga egaligini bildirib, mazkur musobaqalarni yoritish uchun dunyoning bir qator xalqaro ommaviy axborot vositalari Toshkentga kelganligini o‘rg‘uladi.

Yana bir e’tiborli holat. Mazkur jahon chempionatida faxriy mehmon sifatida qatnashish uchun dunyo og‘ir atletikasining bir qator mashhur sportchilari qatorida, O‘zbekiston nomidan nufuzli musobaqalarda ishtirok etgan faxriy og‘ir atletikachilar ham Toshkent musobaqalariga taklif etilgan.

Anjumanda ta’kidlanganidek, ertangi saralash bellashuvlari soat 9:00 da boshlanadi. Chempionat dasturiga binoan ayollar 45, 49 kilogramm vaznlarda, erkaklar 55 kilogramm vaznda bahslarga kirishishadi.

Tarixiy 86-jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi ertaga, 7 dekabr kuni soat 16:00 da bo‘lib o‘tadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA