YUNISEF O‘zbekistonda bolalarni ishonchli immun tizimi bilan ta’minlashga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani uchun sovuqlik zanjirli qurilmani taqdim etdi.
Ushbu yangi ob’ekt viloyatda vaksinani boshqarish samaradorligini yanada oshiradi. Uskuna jamlanmasi ro‘yxatidan sovutgich, vaksina uchun muzlatgich, haroratni nazorat qilish moslamasi, sovutgich xonalar, vaksina tashish uchun xalta va boshqa yordamchi moslamalar joy olgan.
Omborda 1 yoshgacha bo‘lgan 9000 bolani emlash uchun yetarli, taxminan, 3000 litr vaksina saqlash mumkin. Inshootda vaksina +2-8°S haroratda saqlaydigan sovutgich xonalar hozirlanadi. Mazkur umumiy saqlash ombori quvvati hajm nuqtai nazaridan qo‘shni hududlarda yashovchi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga vaksinani tezkor yetkazib berish imkonini beradi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumba ushbu uskunani O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyevga topshirdi. Shuningdek, tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
– Sovuqlik zanjiri samarali infratuzilma tarmog‘i bizning har bir bolaga vaksinadan va emlash jarayonidan teng foydalanish imkonini yaratishga intilishimiz hosilasidir, – dedi Joffri Ijumba. – Endi vaksinani ishlab chiqaruvchi korxonadan to har bir bolagacha bo‘lgan yo‘ldagi xavfsizligi ta’minlanadi. Ishonamanki, taqdim etilayotgan uskunadan unumli foydalanish uchun hukumat yetarli darajada moliyaviy va inson resurslarini ajratadi va majmua uzoq vaqt xizmat qiladi.
BMT shafeligidagi mazkur xalqaro tuzilma 2017 yildan beri butun O‘zbekiston bo‘ylab jami 21 ta vaksina ombori qurilishini qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi vaqtda hajmi 10 metr/kubdan 40 metr/kubgacha bo‘lgan 16 ta vaksina ombori yong‘in va qo‘riqlash signalizatsiyasi, yuk ortish-tushirish tizimi, sovutgich, muzlatgich, haroratni nazorat qilish moslamasi va generator kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, sovutgich xonalar, xodimlar uchun himoya kiyimlari bilan ta’minlanyogan. Yaqin kelajakda yana 5 ta ombor foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
YUNISEF, shuningdek, xodimlar malakasini oshirish, muassasa, sovutgichli yuk mashina, vaksina uchun konteyner va sovuq zanjiri ob’ekti maromda ishlashi uchun zarur qo‘llanma va ko‘rsatmalar ishlab chiqishda ham ko‘mak bermoqda.