Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YUNESKOning “Jahon xotirasi” xalqaro seminari tashkil etildi (+Video)
19:09 / 2023-09-19

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida YUNESKOning “Jahon xotirasi” raqamli meros bo‘yicha Osiyo va Tinch okeani mintaqasi hujjatli meros mutaxassislari uchun malaka oshirish mintaqaviy seminarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar Koreya Respublikasi madaniy meros boshqarmasi va xalqaro hujjatli meros markazi, YUNESKOning “Jahon xotirasi” kotibiyati, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi va Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.  

Tadbirda qatnashish maqsadida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan  soha mutaxassislari yurtimizga tashrif buyurdi.  

Mazkur seminar-treningni tashkil etishdan asosiy maqsad soha mutaxassislariga hujjatli merosni aniqlash, saqlash, o‘rganish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan nomzodnomalarni tayyorlashni o‘rgatishdan iborat.  

—YUNESKO 1992 yilda “Jahon xotirasi” dasturini ta’sis etgan, —deydi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori, YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturi bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi rahbari Umida Teshaboyeva. —Dastur butunjahon noyob hujjatli merosni belgilangan usullarga muvofiq asrash bo‘yicha hamkorlik qilish, noyob hujjatli merosdan ommaviy tarzda foydalanish uchun ko‘mak berish, noyob hujjatli merosning ma’no-mazmuni va mavjudligi haqidagi ma’lumotni targ‘ib qilish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Xotiralar faqat o‘tmishdagi narsalar emas, ular bizga hozirni tushunish va kelajakda nima bo‘lishini bashorat qilishda asosiy rol o‘ynaydi.  

Shuningdek, tadbirda Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan taqdim etilgan “Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari” ko‘pmillatli nomzodnomasi hamda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan taqdim etilgan “Buxoro amirligi qushbegisi mahkamasi arxiv to‘plami” nomzodnomalari “Jahon xotirasi” xalqaro ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan YUNESKO sertifikatlari topshirildi.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/7Z9MIWItagY" title="YUNESKOning “Jahon xotirasi” xalqaro seminari tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova,  

A.Sodiqov (video),  

O‘zA