Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar sho‘basi delegatsiyasi Qonunchilik palatasida bo‘ldi
07:34 / 2022-08-19

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar sho‘basi mudiri Jako Dyu Tua hamda maslahatchisi Marius Lukoshyunas bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlarni quyi palataning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi D.Fayziyeva hamda Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev qabul qildi.

Mazkur tashrifning maqsadi Toshkent shahrida joriy yilning 28-29 sentyabr kunlarida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro axborotdan umumfoydalanish kuniga bag‘ishlangan konferensiya kun tartibini muhokama qilishdan iborat.

Uchrashuv avvalida mehmonlarga 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uning doirasida qabul qilingan tadbirlar rejasida ochiqlik bo‘yicha yangi siyosati izchillik va qat’iyat bilan olib borilayotgani, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, parlamentning bu boradagi roli, amalga oshirilayotgan ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar sho‘basi mudiri Jako Dyu Tua iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, qisqacha «Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi: innovatsiyalar, inklyuzivlik va huquq» mavzusidagi xalqaro konferensiya haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, tadbirda shu sohada faoliyat yuritayotgan dunyoning turli mamlakatlaridan 40 dan ortiq nufuzli, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari va ekspertlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Suhbat davomida Axborot va kommunikatsiyalar sho‘basi mudiri maslahatchisi Marius Lukoshyunas konferensiyaning asosiy ikki jihati — axborotdan foydalanishdagi umumiy texnologik jihati hamda mazkur sohadagi qonunchilik masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Bundan tashqari, ushbu anjuman davlatlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan axboriy inqirozlar va muammolarning oldini olish va ularga qarshi kurashish yo‘lida O‘zbekiston uchun YUNESKO hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berdi.

Tadbir doirasida, shuningdek, professional jurnalistika va ishonchli axborot olish tizimini yaxshilash, chaqiriqlarga samarali reaksiya bildirish borasida eng yaxshi tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalar hamda raqamli platformalar qamrovini kengaytirish kabi dolzarb masalalarning muhim ahamiyatga egaligini qayd etdi.

Jako Dyu Tua ko‘ra, tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi. Mazkur deklaratsiya a’zo davlatlarning axborotdan foydalanishdagi asosiy huquqini tan olish va hurmat qilish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. U o‘zida tegishli boshqaruv tamoyillari hamda sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarning axborotdan foydalanishida kelib chiqadigan muammolarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, deklaratsiyada milliy qonunchilikda axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, amalga oshirish mexanizmi, raqamlashtirishning ta’siri, inklyuzivlik uchun axborotdan foydalanishning huquqiy kafolatlarining ahamiyati, ayniqsa, nogironlar va imkoniyati cheklanganlar guruhlari uchun so‘nggi o‘zgarishlar ko‘rib chiqiladi.

Mehmon mazkur hujjatga 2023 yilda rasmiy maqom berilib, a’zo davlatlar tomonidan Toshkent deklaratsiyasi sifatida qabul qilingan rasmiy hujjat sifatida transformatsiya qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan, YUNESKO delegatsiyasi vakillari axborotdan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilashda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining markaziy o‘rnini inobatga olib, ularni ushbu tadbir sessiyalarida faol ishtirok etishini, qabul qilinishi mo‘ljallanayotgan Deklaratsiyaga o‘z takliflarini taqdim etishlarini hamda xalqaro hamjamiyatning yetakchi ekspertlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish kabi masalalarni ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi.


O‘zA