Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YUNESKO sessiyasini yuksak darajada o‘tkazamiz
14:50 / 2024-04-18

2023-yil 7-22-noyabr kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasida uning navbatdagi, 43-sessiyasini 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu qarorni tashkilotga a’zo 194 davlatning barchasi qo‘llab-quvvatladi. Qaror shunisi bilan e’tiborliki, shu paytga qadar tashkilotning bironta sessiyasi Parijdan tashqarida o‘tmagan.

YUNESKO BMTning ixtisoslashgan muassasalaridan biri bo‘lib, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1946-yil tashkil qilingan. Tashkilotning asl maqsadi a’zo mamlakatlarda ta’lim, fan, madaniyat va axborot-kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishdan iborat. Bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan. YUNESKO norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi.  

Hozir YUNESKOga 194 mamlakat a’zo. Yana 12 mamlakat va hududlar assotsiativ a’zo maqomiga ega. Bugungi kunda 400 dan ortiq xalqaro nohukumat tashkilot va jamg‘armalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi.  

YUNESKOning umumjahon madaniy meros ro‘yxatida 1121 ta obyekt qayd etilgan. Mazkur ro‘yxatga O‘zbekistondan Ichan qal’a (1990-yilda), Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlarining (2001-yilda) tarixiy qismi kiritilgan.  

YUNESKO umumjahon ro‘yxatidagi nomoddiy madaniy meros 500 dan ortiqni tashkil etadi. Jumladan, mamlakatimizdan Boysun tumani madaniyati (2008-yilda), Shashmaqom (2008-yilda – O‘zbekiston va Tojikiston), katta ashula (2009-yilda), askiya – aql-idrok san’ati (2014-yilda), Navro‘z (2016-yilda O‘zbekiston va yana 11 davlat), Palov tayyorlash madaniyati va urf-odati (2016-yilda), Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras matolarini to‘qishning an’anaviy texnologiyasi (2017-yilda), Xorazm lazgisi (2019-yilda) kiritilgan.

Samarqandda nufuzli anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi. Qarorda asosiy tayyorgarlik jarayonlari, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, Samarqand shahridagi tegishli madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlar hamda immersiv va mavzuli ko‘rgazmalarni tashkil etish belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markaziga a’zo bo‘lishi uchun harakatlar boshlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.  

Shuningdek, YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya O‘zbekistondagi shaharlar, noyob madaniy va tabiiy meros obyektlarini tegishlicha YUNESKOning Ijodkor shaharlar hamda Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar tarmoqlariga, shuningdek, xalqaro ro‘yxatlariga kiritish choralarini ko‘radi.  

YUNESKO mezonlari asosida va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda Samarqand shahrida Buyuk ipak yo‘li davlat muzeyini tashkil etish, Sohibqiron Amir Temur bog‘larini qayta tiklash, Bibixonim majmuasini restavratsiya qilish, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazini muhofaza qilishga qaratilgan ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.  

Samarqand viloyat hokimining mazkur anjumanni tashkil etish yuzasidan qarori qabul qilingan bo‘lib, unda tashkiliy ishlar aniq belgilab berilgan. Xususan, anjuman bo‘lib o‘tadigan Silk Road Samarkand majmuasida mehmonlar uchun barcha shart-sharoitni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Registon majmuasi, Afrosiyob shahri xarobalari, Shohi Zinda majmuasida ko‘rgazma loyihalarini, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida yangi ko‘rgazma maydonini tashkil etish yuzasidan ekspertlar jalb etilmoqda.

Samarqand keyingi ikki-uch yilda yirik xalqaro anjumanlar va forumlarni o‘tkazishda katta tajriba to‘pladi. Viloyatda yaratilgan qulay infratuzilma, nufuzli delegatsiyalar va sayyohlar uchun xalqaro standartlarga mos sharoit va, albatta, aholining mehmondo‘stligi xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Shu ma’noda YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasini o‘tkazish uchun Samarqandning tanlanishi bejiz emas va biz bu tadbirning yuksak darajada o‘tishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Rustam Qobilov,

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari.

O‘zA