Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifida berilgan topshiriqlar doirasida qoraqalpoq xalqining asrlar osha yetib kelgan noyob madaniy merosini asrab-avaylash, uni yangi bosqichga olib chiqish hamda jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, milliy musiqa madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan qo‘biz yasash an’analari va jirovchilik san’atini zamonaviy va ilmiy-amaliy asoslarda rivojlantirish, yosh avlod ongiga chuqur singdirish, xalqaro miqyosda ommalashtirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan edi. Ushbu vazifalarni keng tatbiq etish maqsadida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva rahbarligida tizimli va amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, sohani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilib, milliy-madaniy merosni asrab-avaylash, uni ilmiy o‘rganish va xalqaro maydonlarda munosib taqdim etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi XX sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning 8-13 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasidan taqdim etilgan “Qo‘biz va jirov ijrochilik san’ati” (milliy) nomzodi YUNESKOning zudlik bilan muhofazaga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros elementlari ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan qabul qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori xalqimizning boy madaniy meroslaridan biri bo‘lgan baxshichilik va jirovchilik san’atini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va san’atimizdagi o‘rni hamda ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qo‘biz va jirov ijrochilik san’atining YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi uning tarixiy, ma’naviy va madaniy qadriyat sifatidagi o‘rnining xalqaro miqyosdagi e’tirofi hisoblanadi.
Qo‘mitaning qarorida qayd etilganidek, an’anaviy epik dostonlarni ijro etishda keng qo‘llaniladigan qo‘biz cholg‘usi muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi. U jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash, madaniy merosni asrab-avaylashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Shuningdek, mazkur qaror jirovchilik san’atini ilmiy tadqiq etish, ustoz-shogird an’analarini asrab-avaylash, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri