Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YUNESKO: Jahon merosini asrash va insoniyatni birlashtirish yo‘lida
19:49 / 2025-10-27

-

Ko‘pchilik ushbu tuzilma haqida ma’lumotga ega bo‘lsa-da, ayrimlar uning haqiqiy vazifalari, dunyo miqyosidagi ta’siri xususida to‘liq tasavvurga ega emas. Aslida, YUNESKO jahon xalqlarini bilim, madaniyat va fan orqali birlashtirishni maqsad qilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi — madaniy merosni asrab-avaylash, ta’lim tizimini rivojlantirish va jamiyatda tinchlik hamda hamjihatlikni mustahkamlashdir. Quyida tuzilma faoliyati, O‘zbekiston bilan aloqalari va Samarqandda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan 43-sessiya haqida qisqacha to‘xtalamiz.

YUNESKO o‘zi qanday tashkilot?

BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKO Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan bo‘lib, 1946 yil 4 noyabr kuni tuzilmaninng Nizomi kuchga kirgan. Xuddi shu sana butun dunyoda YUNESKO tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi.

YUNESKOning asosiy maqsadi – ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Mazkur xalqaro tashkilot yalpi savodsizlikka qarshi kurashish, maorif tizimini rivojlantirish, milliy madaniyatlarni o‘rganish, atrof-muhit va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish kabi keng qamrovli masalalarni hal etishda ham katta hissa qo‘shib kelmoqda.

YUNESKOning Parij shahridagi Bosh qarorgohi 1958 yil 3 noyabrda ochilgan. Ushbu bino Parij shahridagi Sena daryosining so‘l qirg‘og‘ida joylashgan. 

Fransiyalik Odri Azule 2017 yildan buyon YUNESKOning Bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi, lekin yaqinda tuzilmada o‘tkazilgan saylovga ko‘ra, misrlik Xolid Al-Ananiy YUNESKO Bosh direktorligiga saylandi.

O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligi

O‘lkamiz YUNESKOga 1993 yil 26 oktyabrda a’zo bo‘lib kirgan. 1996 yildan beri Toshkent shahrida tashkilot vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tuzilmaga a’zo davlatlar YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya tuzishi va shu komissiya orqali aloqalarini muvofiqlashtirib borishi lozim. Shu nuqtai nazardan, 1994 yil 29 dekabrda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tashkil etildi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga shu paytga qadar O‘zbekistondagi 7 ta ob’ekt kiritilgan bo‘lib, bular  – Xivadagi Ichan qal’a majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand — madaniyatlar chorrahasi, G‘arbiy Tyan-Shan Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori va Turon cho‘llari.

YUNESKOning yana bir ro‘yxati bu Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxati deb nomlanadi. Ushbu ro‘yxatga o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 16 ta elementi , shundan 11 tasi 2016 yildan keyin kiritilgan. Bular – shoshmaqom, Boysun madaniy an’analari, katta ashula, askiya zukkolik san’ati, palov bilan bog‘liq madaniyat va an’analar, Navro‘z bayramini nishonlash an’analari, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash, lazgi, miniatyura san’ati, baxshichilik, an’anaviy ipak tayyorlash san’ati, Xo‘ja Nasriddin haqidagi an’anaviy hikoyalar, kulolchilik hamda naqqoshlik san’ati, iftorlik va uning ijtimoiy-madaniy an’analari, shuningdek, rubob yasash va ijro etish san’ati.

Hozirda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun “kashtachilik san’ati”, “qoraqalpoq o‘tovlarini tayyorlashda amaliy bilimlar va ko‘nikmalar”, “qo‘biz yasash va ijro etish san’ati” “an’anaviy kigiz tayyorlash” va “o‘zbek kurashi” kabi yangi elementlar YUNESKOga taqdim qilingan.

1995 yil YUNESKOning “Ipak yo‘li – muloqot yo‘li” dasturi doirasida Samarqandda mintaqamiz sivilizatsiyalari tarixini o‘rganadigan Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti ochildi.

Yana bir muhim yo‘nalish YUNESKOning Umumjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i bo‘lib, unga O‘zbekistonning 2 ta ob’ekti kiritilgan. Bular — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021).

Hamkorlikning muhim qismi bo‘lgan innovatsiya yo‘nalishi ham bor. 2019-20 yillarda, ya’ni, COVID-19 pandemiyasidan keyin mazkur sohadagi aloqalar ancha rivojlandi. Xususan, YUNESKO va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda tayyorlangan ilmiy tadqiqot ishlari va innovatsiyalarni xaritalash hujjati tuzilmaning elektron kutubxona xalqaro platformasida saqlanib turibdi.

2022 yilda O‘zbekiston tarixda ilk bor 2022-2026 yillar uchun YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi a’zoligiga saylandi.

2022 yil 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida dunyoning 150 ga yaqin davlati vakillari va xalqaro tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida YUNESKOning maktabgacha ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

YUNESKO shafeligida O‘zbekistonda ko‘plab ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniy (2023) tavalludining 1050 yillik, Abu Ali ibn Sino (1980) tavalludining 1000 yillik, Mirzo Ulug‘bek (1994) tavalludining 600 yillik, Amir Temur (1996) tavalludining 660 yillik tantanalari keng nishonlangan. Xiva (1997), Buxoro (1997), Termiz (2002) shaharlarining 2500 yilligi, Shahrisabzning 2700 yilligi (2002) munosabati bilan maxsus dasturlar doirasida yirik tadbirlar uyushtirilgan. Imom Buxoriy, Ahmad Farg‘oniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband kabi qator siymolarning yirik tavallud sanalari O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida keng nishonlangan.

Jahonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish va jalb etish maqsadida yurtimizda YUNESKO kafedralari tarmog‘i kengaymoqda. O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida “Dunyo dinlarini tadqiq etish”, “Suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi”, “Madaniyat turizmi”, “Ipak yo‘lida barqaror tarixiy turizm” kabi kafedralar ochilgan.

Xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlikni yanada faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. YUNESKO ko‘magida mamlakatimizda “Sharq taronalari”, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, “Maqom san’ati” kabi qator yirik xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.

2023 yilga qadar YUNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga O‘zbekistondan Toshkent shahrida saqlanayotgan Muqaddas Usmon Qur’oni, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik universitetida saqlanayotgan qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari kiritilgan edi. 2023-2024 yillarda esa O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlar to‘plami – Mavlono kulliyoti va Buxoro amirligining Qushbegi ma’muriyati arxivlari, Xudoybergan Devonov fototo‘plami va Turkiston albomi ushbu reyestrga kiritildi.

2024 yilda O‘zbekiston YUNESKOning maslahatlashuv organi hisoblanmish Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazining to‘laqonli a’zosiga aylandi.

2025 yil 1 aprel kuni YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekistonning boy madaniy merosi hamda Samarqand Bosh konferensiyasiga bag‘ishlab “O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida” mavzusida tadbirlar o‘tkazildi.

O‘zbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikda turli sohalarda qator texnik ko‘mak va grant loyihalari amalga oshirilmoqda. “Qishloq hududlarida ishga joylashish ko‘nikmalarini rivojlantirish”, “Oliy ta’lim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli ta’limdan foydalanishni kengaytirish”, “O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari va sifatini yaxshilash”, “Axborot olish, institutsional mas’uliyat va media savodxonlikni kuchaytirish”, “Muzli ko‘llardagi toshqinlarga nisbatan zaiflikni kamaytirish” kabi loyihalar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston hozirga qadar YUNESKOning 10 ta xalqaro konvensiyasiga qo‘shilgan. Yana bir muhim yangiliklardan biri 2023 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda sun’iy intellekt sohasida odob-axloqni targ‘ib etish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi.

Samarqanddagi tarixiy 43-sessiya

2023 yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi yakunida uning navbatdagi 43-sessiyasini 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorni tashkilotga a’zo 194 davlatning barchasi qo‘llab-quvvatladi. Bu esa so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak bahodir.

Ushbu tashabbus shuningdek, O‘zbekiston uchun katta diplomatik yutuq bo‘ldi, chunki YUNESKO so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta o‘z sessiyasini boshqa davlat hududida o‘tkazilishini e’lon qildi.

Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o‘tkazish joyi sifatida tanlanishi mamlakatimizning madaniyat, ilm-fan, ta’lim, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yaqqol e’tirofi  hamdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. 

– Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025 yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari. – Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman. O‘z navbatida, O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi.

2024 yil 16 martda O‘zbekiston Prezidentining “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilyapti.  Bosh konferensiya doirasida O‘zbekiston tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda qator qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar muzeylar faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni, gender tengligi va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va shu kabi boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlanadi.

– Bu yil 40 yil ichida birinchi marta YUNESKO Bosh konferensiyasi Parijda emas, balki Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda o‘tkaziladi, – dedi YUNESKOning O‘zbekistondagi  vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi. – Bugun butun dunyo bu haqda gapirmoqda, O‘zbekiston esa diqqat markazida. YUNESKO O‘zbekiston hukumati bilan qariyb 30 yildan beri yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Faoliyatimiz madaniyat, ta’lim, aloqa va axborotlashtirish, shuningdek, ijtimoiy va tabiiy fanlarni qamrab oladi. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu o‘zgarishlar YUNESKO tomonidan hamisha olqishlanib, O‘zbekiston hukumati tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi nafaqat O‘zbekistonning jahon madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasining e’tirofi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor ta’kidlash uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu anjuman xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston yana bir bor jahon madaniyati va ilm-fanining muhim markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. 

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA