Tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishida geologik merosni saqlash, uni rivojlantirish va xalqaro standartlar asosida targ‘ib etish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, geoparklar tarmog‘ini shakllantirish, mintaqaning geoturistik salohiyatini oshirish va jamoatchilik xabardorligini kuchaytirish borasida mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tashabbusi bilan “Kitob va Shahrisabz hududlarida geologik meros ob’ektlarini aniqlash va tasniflash hamda geologik meros bo‘yicha jamoatchilik xabardorligini oshirish” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro seminarda shu xususida fikr almashildi.
Bu haqda vazirlik axborot xizmati rahbari Azamat Akobirov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Ushbu xalqaro tadbir yurtimizda YUNESKO global geoparklarini rivojlantirish, jumladan, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida “Kitob geoparki”ni tashkil etish hamda mavjud muammolarni o‘rganishga qaratildi. Unda Eron, Turkiya va Shveysariyadan tashrif buyurgan YUNESKO ekspertlari hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.
Shuningdek, YUNESKO ekspertlari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova bilan uchrashuv o‘tkazib, mintaqa geologik merosini o‘rganish va geopark tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Seminar doirasida Kitob tumanidagi turistik va geoturistik ob’ektlar bilan tanishish maqsadida qator dala tashriflari uyushtirildi. Mutaxassislar tomonidan hududning geologik salohiyati yuqori baholandi. Shu bilan birga, geoparkni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Umuman olganda, YUNESKO ekspertlarining tashrifi Kitob va Shahrisabz hududlarida geologik merosni muhofaza qilish, undan samarali foydalanish va geopark loyihasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish jarayoniga yanada kuchli turtki berdi. Seminar va amaliy tashriflar hududning geoturistik salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va bebaho geologik merosni kelajak avlodlarga yetkazib berish borasida muhim natijalar uchun mustahkam zamin yaratdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA