XXI asrda madaniy diplomatiya xalqaro munosabatlarning muhim vositasiga aylandi. Madaniyat orqali muloqot davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash va insonparvar qadriyatlarni ilgari surishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi kuchaymoqda. YUNESKO Bosh konferensiyasi ilk bor Parijdan tashqarida, Samarqandda o‘tkazilishi ham ushbu jarayonning muhim qismidir. Mazkur global muhim tadbir uchun aynan O‘zbekiston tanlanishi bir necha muhim omillar bilan bog‘liq, deb o‘ylaymiz.
Birinchidan, O‘zbekiston – insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri.
Nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon madaniyati tarixida muhim o‘rin egallagan Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu shaharlar insoniyatning ilmiy, me’moriy va ma’naviy taraqqiyotida beqiyos iz qoldirgan. Shunday merosga ega davlatda anjuman o‘tkazish tashkilotning madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotga yuksak ehtiromi ifodasidir.
Ikkinchidan, O‘zbekiston – madaniyat va dinlar muloqoti maydoni sifatida tan olingan.
Sharq va G‘arbni bog‘lovchi geostrategik hududda joylashgan mamlakatimiz turli xalqlar, til va dinlar almashinuvi uchun o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi. YUNESKOning “madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglik” konsepsiyasi ayni yo‘nalishda respublikamiz tajribasiga hamohang.
Uchinchidan, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yil ko‘tarilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbariyatining ilm-fan va ta’lim sohasini rivojlantirishga alohida e’tibori, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan dasturlar YUNESKO maqsadlari bilan uyg‘un. Shu bois tashkilot yurtimizni ishonchli hamkor sifatida ko‘radi.
To‘rtinchidan, YUNESKO va O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgan.
Diyorimizdagi qator madaniy ob’ektlarni YUNESKO o‘z muhofazasi ostiga olgan. Shuningdek, milliy merosni asrash, ta’lim tizimini rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi dolzarb yo‘nalishlarda qator qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda. Bunday mustahkam hamkorlik tuzilmaning mamlakatga nisbatan ishonchini yanada oshirdi.
Beshinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro ahamiyati ortib boryapti.
YUNESKO mintaqamizda ilk bor Bosh konferensiya o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning global madaniy va ilmiy jarayondagi roliga berilgan yuksak bahodir. Anjuman mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiya va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatimizda YUNESKOning tegishli maqsadlariga muvofiq qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, barcha uchun sifatli ta’limni ta’minlash umumiy maqsadning asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi. O‘zbekiston bu borada qator milliy islohotlarni xalqaro dasturlar bilan uyg‘unlashtirgan holda ish olib boryapti. Ta’lim tizimini raqamlashtirish, qizlar ta’limiga e’tiborni kuchaytirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar YUNESKOning “Ta’lim-2030” konsepsiyasiga mos.
Bundan tashqari mamlakat ilmiy salohiyatni oshirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan YUNESKO kafedralarini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs)ga erishishda tuzilma bilan birga ko‘plab loyihalarni yo‘lga qo‘ygan. Tabiatni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, ekoturizmni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi dasturlar fikrimizni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda mamlakatda ayollar va qizlar imkoniyati, ularning ta’lim va fan sohasidagi ishtiroki kengaytirilmoqda. Bu YUNESKO faoliyatining gender tenglikka oid ustuvor yo‘nalishi bilan hamohang.
Respublikamiz bu borada nafaqat milliy, balki xalqaro gumanitar muloqotni ham mustahkamlamoqda. Xususan, turli madaniyat va din vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik, tinchlik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish tashabbuslarini ilgari surmoqda. Shu ma’noda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya va forumlar O‘zbekistonning “madaniyatlararo muloqot markazi” sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilyapti.
YUNESKO bilan hamkorlik doirasida mamlakatimiz madaniy diplomatiyani tashqi siyosatning muhim yo‘nalishiga aylantirgan. Madaniyat va ta’lim sohalaridagi loyihalar orqali tarixiy merosimiz, tilimiz, an’analarimiz jahonga tanilib, xalqaro hamjamiyatning gumanitar birdamligini kuchaytirishga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekistonning tuzilmadagi faoliyatini samarali va strategik jihatdan muhim, deb baholash mumkin. Zero, mamlakatimiz ayni jarayonda nafaqat milliy manfaatni ilgari surmoqda, balki butun insoniyat uchun dolzarblik kasb etayotgan ta’lim, fan, madaniyat, gender tenglik va barqaror rivojlanish sohalarida YUNESKOning ustuvor maqsadlariga erishish yo‘lida sobit qadam tashlamoqda.
Bu borada davlat rahbarining muhim tashabbuslarini qayd etish joiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslari YUNESKO bilan sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, jahon madaniy merosini asrash, ta’lim va ilm-fan sohasida global maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayon milliy va xalqaro miqyosdagi qator strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Madaniy merosni muhofaza qilish va tiklash
Prezidentimiz rahbarligida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat siyosati YUNESKOning “Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi” (1972 y.) talablari bilan uyg‘unlashtirildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz shaharlaridagi yodgorliklar holatini yaxshilash, ularni qayta tiklash va turizm infratuzilmasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida madaniy merosimiz ob’ektlari YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatidan munosib o‘rin egalladi.
Ilmiy-tadqiqot va madaniy muloqotni rivojlantirish
Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan 2021 yil “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida raqamli arxiv va virtual muzey tizimi yaratildi. Bu loyihasi madaniy merosni hujjatlashtirish, onlayn tarzda saqlash va xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun ochiq ma’lumot muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari markazi O‘zbekiston va YUNESKO hamkorligining ilmiy-institutsional ko‘rinishidir. Ushbu muassasaning asosiy vazifasi mintaqamiz xalqlarining tarixiy, madaniy va sivilizatsion merosini tadqiq etish, jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Ayni yo‘nalishdagi ishlar YUNESKOning “Madaniy muloqot va sivilizatsiyalararo hamjihatlik” tamoyiliga to‘liq mos keladi.
Ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’limni milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. YUNESKO bilan hamkorlik doirasida ta’lim sifati, gender tenglik, raqamli ta’lim texnologiyalari va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan 4-Maqsad – “Sifatli ta’lim”) bilan uyg‘un bo‘lib, respublikamizning global ta’lim maydonidagi faolligini kuchaytiradi.
Insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surish
O‘zbekiston rahbarining tinchlikparvar siyosatida YUNESKOning “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”da belgilangan “Insonparvarlik, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik” konsepsiyasi muhim o‘rin tutadi. O‘lkamiz hududida dinlararo muloqot, millatlararo totuvlik va ma’naviy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha ilmiy-amaliy forumlar tashkil etilmoqda. Mazkur jarayon mamlakatni xalqaro gumanitar hamkorlikning muhim ishtirokchisi sifatida namoyon etmoqda.
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi o‘tkazilishi davlatimizning madaniy-ma’rifiy taraqqiyot va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasining yuksak e’tirofdir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniy merosni asrash, ta’lim va fanni rivojlantirish, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini ilgari surish borasidagi tashabbuslari nafaqat milliy darajada, balki global gumanitar siyosatning ajralmas qismiga aylandi.
YUNESKO bilan samarali hamkorlik natijasida O‘zbekiston bugun jahon miqyosida madaniyatlar muloqoti va sivilizatsiyalararo hamjihatlik markazlaridan biri sifatida tan olinmoqda.
Mahinnora Mirhamidova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
“Xalqaro huquq” fakulteti dotsenti