Joriy yil buyuk tarix, boy ma’naviy merosga ega Samarqand yana bir bor jahon hamjamiyati e’tiborini o‘ziga qaratadi. Zero, mazkur qadimiy shaharda bo‘lib o‘tadigan BMT Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YUNESKOning 43-sessiyasi nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun muhim xalqaro voqelik sanaladi.
Ma’lumki, 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan ushbu tashkilotning asosiy maqsadi ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya, turizm kabi muhim sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Tuzilma norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi.

Javoharla’l Neru o‘z davrida “insoniyat vijdoni” deya ta’rif bergan YUNESKOga bugungi kunda 200 ga yaqin mamlakat a’zo. Diyorimiz tuzilmaga 1993 yil 26 oktyabrda qabul qilingan. O‘tgan davr mobaynida YUNESKO bilan qator yo‘nalishlarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Madaniy merosni muhofaza qilish, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish va jamiyatda inklyuzivlikni ta’minlash kabi sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
YUNESKO tomonidan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzdagi tarixiy obidalarimiz Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi Vatanimizning boy madaniy merosini jahonga tanitishda muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin. Shuningdek, Navro‘z, Shoshmaqom, Ko‘pkari, Osh tayyorlash an’anasi singari nomoddiy meroslar ham YUNESKO reprezentativ ro‘yxatidan munosib o‘rin egallagan.
Mazkur nufuzli anjuman yurtimizda o‘tkazilishi biz uchun faqat tashkiliy muvaffaqiyat emas, balki madaniyat, diplomatiya sohalaridagi izchil islohotlarimizni ham namoyon etadi. Mamlakatimiz mazkur nufuzli tadbirga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayni payt Samarqandda infratuzilmani yaxshilash, mehmonxona va transport tizimini yanada takomillashtirish, tarixiy va madaniy ob’ektlarni ta’mirlash jadal davom ettirilyapti.

Samarqand xalqaro aeroportida imkoniyatlari kengaytirildi, yangi konferensiya zallari, madaniy tadbirlar uchun maydonlar tayyorlandi. Shu bilan birga sessiya ishtirokchilari uchun milliy urf-odatlarimiz, an’anaviy hunarmandlik, gastronomiya va san’at namunalarini namoyish etuvchi maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.
Sessiya davomida mahalliy va xorijiy delegatlar ta’lim, fan, madaniyat va nomoddiy merosni muhofaza qilishga doir dolzarb masalalarni muhokama qiladilar. Shuningdek, davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar – ayniqsa, madaniy meros ob’ektlarini raqamlashtirish, yoshlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan sohasiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi takliflar alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Umuman, YUNESKOning bu galgi sessiyasi, shubhasiz, O‘zbekistonning global madaniy va ma’naviy muloqotdagi o‘rnini yanada mustahkamlab, respublikamizning jahon hamjamiyatidagi faol, ochiq va tashabbuskor davlat sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.
A.Alimova tayyorladi. O‘zA