Qishloq — barqaror taraqqiyotning tayanchi, oziq-ovqat xavfsizligining asosiy manbai. Bugun yurtimizda yuzlab ilg‘or fermerlar, sadoqatli mehnatkash dehqonlar yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ular orasida Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi “Yulduz Abdug‘afforovna” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Yulduz Boboqulova alohida o‘rin tutadi.
Yoshi bo‘lishiga qaramay, tajribasi boy, bilim va amaliy ko‘nikmalarni uyg‘unlashtira olgan bu ayol dehqonchilik sirlarini puxta o‘zlashtirgan. U har bir qarich yerdan unumli foydalanish, zamonaviy innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish orqali yuksak samaraga erishmoqda.
Yulduz Boboqulova fermerlik bilan shug‘ullana boshlaganiga bu yil 10 yil to‘ldi. U xo‘jalik 78 gektar yer maydonida faoliyat yuritib, dalaning 50 gektarida g‘alla, 20 gektarida paxta, 8 gektarida sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiradi.

Samarali mehnat munosib baholandi. 2023 yilda «Ilg‘or fermer» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Yulduz Boboqulova kuni kecha Davlatimiz rahbarining "Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘ldi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan bu mukofot men uchun ikki karra mas’uliyatdir, – deydi Yulduzxon. – Maqsadim — hozirgidan ham yuqori natijalarga erishish, qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or innovatsiyalarni joriy etish va xalqimizni arzon, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shish.
Xo‘jalikda 30 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. 2022–2024 yillarda ular 42–45 sentnerdan paxta, 55–80 sentnerdan g‘alla hosili yetishtirishga erishdi. Bu davr mobaynida 295 tonnadan ziyod paxta xomashyosi va 922,5 tonna bug‘doy tayyorlanib, shartnoma majburiyatlari paxtachilikda 118–125 foizga, g‘allachilikda 125–130 foizga bajarildi. Pillachilikda ham yuqori samaradorlik qayd etildi.
Shu bilan birga, 8 gektar maydonda sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. So‘nggi uch yilda 270 tonna pomidor, 440 tonna tarvuz, 120 tonna piyoz, 75 tonna kartoshka va 350 tonna karam hosili olindi. Belgilangan rejalar 110–115 foizga bajarildi.

Daromad hisobidan xo‘jalikning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinib, mashina-traktor parki tashkil etildi, ishchi-xodimlar uchun zamonaviy dala uyi barpo etildi. Shuningdek, mahsulotlarni uzoq muddat saqlash va bozorga sifatli yetkazish maqsadida 300 tonnalik muzlatkichli omborxona ishga tushirildi.
Yu.Boboqulova suv resurslaridan oqilona foydalanishga ham katta e’tibor qaratmoqda. 2023 yilda xo‘jalik hisobidan 37 gektar yerga suv nasoslari o‘rnatildi, 512 metr ichki ariq betonlashtirildi. Shu bilan birga, Turkiyadan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi olib kelinib, amaliyotga joriy etildi. Bu esa suv sarfini 30 foizga tejash va hosildorlikni 7–10 sentnerga oshirish imkonini berdi.
– Yozni yoz, qishni qish demay harakat qilgan, oila bilan ishni to‘g‘ri tashkil etgan rahbargina kutilgan natijaga erishadi, – deydi fermer. – Bunday muvaffaqiyatlarda turmush o‘rtog‘imning ham qo‘llab-quvvatlovi katta.
Yulduxon 2023 yildan buyon tumanning Uch Qahramon hududidagi fermerlarni jamoatchilik asosida boshqarib kelmoqda. Shuningdek, u homiylik ishlarida ham faol: so‘nggi uch yilda 45 million so‘mdan ziyod mablag‘ kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, hududni obodonlashtirish va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish ishlariga yo‘naltirdi.
U tuman Fermerlar kengashi a’zosi sifatida ko‘p tarmoqli xo‘jaliklarni rivojlantirishda tashabbuskorlik ko‘rsatmoqda. Mahalla yig‘inlari va davra suhbatlarida qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning mohiyatini o‘z hayoti misolida faxr bilan so‘zlab bermoqda.
Oddiy qishloq ayoli sifatida hayot yo‘lini boshlagan Yulduzxon Boboqulova bugun tumandagi eng ilg‘or fermerlardan biri sifatida tanilgan. Uning mehnatsevarligi, tashkilotchilik qobiliyati va yurtparvarlik fazilatlari tufayli tuman aholisi, qishloq xo‘jaligi jamoatchiligi orasida katta hurmatga sazovor bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri