Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yulduz”ni ushlab olgan futbolchilar
15:55 / 2021-08-10

Futbol haqida ayrim mulohazalar

Har qanday mamlakatning qudrati sportda erishilgan muvaffaqiyatlari bilan belgilanadi. G‘alabalar, yutuqlar yoshu qariga motivatsiya berishini hamma biladi. Ayni kunlarda hamyurtimiz Bahodir Jalolovning  “Tokio-2020” olimpiadasida qo‘lga kiritgan g‘alabasi ham barchamizni to‘lqinlantirib yubordi, quvonch bag‘ishladi.

“Tokio-2020” olimpiadasida O‘zbekiston  3 ta oltin, 2 ta bronzani qo‘lga kiritib, dunyoda 32-o‘rin, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.  

Kelib-kelib Suriyaga ham yutqazamizmi?

O‘zbekiston madhiyasining yangrashi g‘alaba nashidasini chempion bilan birgalikda surish har bir yurtdosh uchun juda-juda yoqimli va faxrli. Ammo katta sahnalardan turib sportchilar haqida aytilayotgan tanqidni qabul qilish hammaga ham oson emas. Keyingi paytlarda yurtimizdagi barcha komik aktyorlar hamda jamoalar o‘zlarining chiqishlari orqali millionlar o‘yini atalmish futbolchilarimizni masxara qilish, ularning ustidan kulish odat tusiga kirdi.  

Kuzatuvlarga ko‘ra, futbolchilarni eng ko‘p  tanqid ostiga olgan san’atkor Avaz Oxun ekan. Avaz Oxun CHAMPIONAT. AZIAga bergan intervyusida, “Bizni futbolchilarimizga yaratilgan sharoit Realdayam, Barsadayam yo‘q. Futbolchilarimiz maydonga chiqqanidan so‘ng koptokni xohlagan tarafiga qarab tepadi. Yaqinda Suriyaga yutqazib qo‘ydik, qarangga kelib-kelib urush bo‘layotgan davlatgayam yutqazib qo‘yamizmi?”...

Avaz Oxun  2017 yilda bergan  konsertida “Sergeyev degan o‘yinchimiz bor ekan, 45 daqiqada oyog‘iga ikki marotaba koptok kelib tegdi. Ko‘pam yugurmas ekan”, deya achchiq kulgu ostiga olsa, 2018 yilgi konsertida “O‘zbekiston Koreya bilan o‘yinda yutqazib qo‘yib, jahon chempionatiga chiqolmaslik bo‘yicha rekordini  yangiladi. Yana to‘rt yil kutamiz. Ko‘pchilik bizni futbolchilarimizga texnika yetishmaydi deydi, qanaqa texnika, hammasida 2 tadan mashina borku...” deydi. 2021 yil 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab bergan bayram dasturida “Fifadagilar bizlarning futbolchilarga karantinda futbolni muxlislarsiz o‘tkazinglar deyishdi. Biz o‘zi shu paytgacha tomoshabinsiz o‘ynaganmiz”deydi hasratli kulgu bilan.  

Bu gaplarni aytish Avaz Oxunga qanchalar qiyin bo‘lsa, muxlislarga eshitish undan ham og‘ir. Qiziqchi bunday hajviya orqali  futbolchilarni masxaralash yoki ularning nafsoniyatiga tegish fikridan yiroq. Uning maqsadi shu yo‘l orqali futbolchilarning g‘ururini uyg‘otish. Ularda vatanga bo‘lgan muhabbatni oshirish, fidoyilikka chorlash aslida. To‘g‘ri, futbolchilarimiz orasida ko‘zga ko‘ringan, yurtimiz mavqeni ko‘klarga ko‘targanlar bor. Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov. bugungi kun qahramoniga aylangan Italiyaning “Roma” klubida to‘p surayotgan  Eldor Shomurodov nomini alohida aytib o‘tishni istagan bo‘lardim. Afsus, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin edi...

Ular pul uchun maydonga tushmaydi

Sportda kimnidir kimga taqqoslamaslikning imkoni yo‘q. Yana gap aylanib borib, millionlab muxlislarning qalbidan joy olgan Ronaldu hamda Messiga borib taqaladi. Xo‘sh, dunyodagi muxlislarni naqd ikkiga bo‘lib yuborgan bu ikki futbolchining yutug‘i nimada? Italiyaning Yuventus klubida to‘p surayotgan Krishtiano  Ronaldu yiliga  120 million yevro ishlab topadi. Lionel Messi esa yiliga 130 million yevroni qo‘lga kiritadi.  Shuncha pul topishiga qaramay nega ular  bir joyda to‘xtab qolmaydi, mehnat qilaveradi. Chunki ular eng avvalo  pul uchun maydonga tushmaydi. Ular  o‘zining maqsadiga yetishish uchun o‘ynaydi. Ular shu ishni yaxshi ko‘radi va mazza qilib shu ish bilan shug‘ullanishadi. Hamisha  sport formasini ushlab turadi. Kayf-safoga berilmaydi. Haqiqiy professional, o‘z ishining ustasi deb shunday sportchilarga aytiladi. Mahoratli futbolchi bo‘lish atrofdagilarga emas, ko‘proq odamning o‘ziga bog‘liq.

Braziliyada futbolchi bo‘lish uchun umuman sharoit  yo‘q. Ya’ni odamlari kambag‘al. Lekin eng ko‘zga ko‘ringan Ronaldino, Neymar, Kaka, Kafu, Ronaldo, futbol qiroli Pele kabi  butun dunyo tan olgan  futbolchilar mana shu yurtdan yetishib chiqadi. bugungi kunda bizning yurtimizda futbolchi bo‘lish uchun hamma sharoitlar yetarli.

Futbol klublarida iqtidorlilar ko‘p, ammo...

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 martdagi “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida sport sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot hamda rahbarlar zimmasiga bir nechta taklif hamda vazifalar yuklatildi.  

Jumladan, istiqbolli yosh futbolchilarni keyinchalik professional tarzda tayyorlash hamda futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini yaratish maqsadida joylarda ularni tanlab olish (seleksiya) ishlarini amalga oshiruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil qilish talablari qo‘yildi. Va bu borada keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi.

“Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nasaf” kabi futbol klublari akademiyasida minglab o‘smirlar tarbiyalanib kelmoqda. Ular orasida iqtidorlilari ham juda ko‘p.  Misol uchun, Dostonbek Hamdamov, 2011  yilda Meksikada  17 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etgan Temur Hakimov, Abbos Maqsudaliyevdan ham umid katta edi. Ammo nega bugun ularning nomi tilga olinmayapdi? Ular hozir qayerda? Aynan tinimsiz mehnat qiladigan, o‘z ustida ishlaydigan paytda ko‘plab yosh futbolchilar   “yulduz”ni (yulduzlik kasaliga chalinadi) ushlab olishadi va natijada ortga qaytish boshlanadi. Aynan bolada qandaydir yutuqdan keyin pasayish yoki yulduzlik kasali boshlangani sezilsa, ota-onalar, jamoalar va murabbiylar uning ustida to‘g‘ri ishlashni  boshlashi kerak. Shunda farzandimiz bir nuqtada to‘xtab qolmasligi kerakligini tushunadi. Manchester Yunayted o‘yinchisi Bruno Fernandesh har o‘yinidan keyin otasiga qo‘ng‘iroq qilib: “ Dada, o‘yinni ko‘rdingizmi? Yaxshi harakat qildim-a?” deb savol beradi. Dadasi  “Ha, bugun zo‘r o‘ynading. Lekin bundan ham yaxshi o‘ynashing mumkin edi”, deya to‘g‘ri tanqid qilar, xatolarini tushuntirar ekan. Balki bizga aynan mana shunday xatolarni to‘g‘ri ko‘rsatish yetishmayotgandir.  

Futbolchilarning hayotini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ishoning, ular yetib kelgan marrasidagi natijalarni osonlikcha qo‘lga kiritishmagan. Qandaydir yutuqqa erishsa, ko‘klarga ko‘taramiz, mag‘lub bo‘lishsa, keyingi yutuqlarigacha yerga uraveramiz. Tinimsiz tanqidlar ularni o‘z sevimli kasblaridan sovutib qo‘ymayaptimikan?  Balki futbolimiz oqsab qolishida biz muxlislarning ham aybimiz bordir?  

2022 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatining saralash bahslaridan o‘tolmadik. Endi esa 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini orziqib kutamiz. Unda ishtirok etadigan terma jamoamiz yigitlaridan barchaning umidi katta. Avaz Oxun kabi qiziqchilar mavzusiga aylanmaslik, muxlislar ishonchini oqlash uchun yigitlarimiz shahd bilan mehnat qilishiga ishonch bildiramiz.    

Nigora Rahmonova, O‘zA