English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yulduz Fayziy hayotida muhim burilish yasagan mukofot
15:29 / 2026-02-27

FOTOREPORTAJ

O‘zA saytidagi “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalarining bugungi faoliyati, ularning kasbiy yutuqlari va jamiyat hayotidagi o‘rnini keng yoritishga qaratilgan. Ana shunday iqtidor egalaridan biri — Yulduz Fayziy 2008-yil “Adabiyot” yo‘nalishi bo‘yicha mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan.

Yulduz Fayziy 1990-yil Toshkent shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan. Ilk ta’limni Uchtepa tumanidagi 295-maktabda olgan. Keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi Respublika nafis san’at maktab-internatida tahsil olib, ijodiy muhitda kamol topgan.

Maktab yillaridayoq u O‘tkir Hoshimov rahbarligidagi “Yosh ijodkorlar” to‘garagida ishtirok etib, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini mustahkamladi. 2007-yil “Cho‘lpon” nashriyotida “Ko‘nglim” nomli ilk she’riy to‘plami chop etildi. Shu yilning o‘zida “Kelajak ovozi” respublika yoshlar tanlovida g‘olib bo‘lib, keng jamoatchilik e’tiborini qozondi.

[gallery-27897]

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi uning ijodiy faoliyatida muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur e’tirof ijodkor zimmasiga katta mas’uliyat yukladi.

U O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomladi. Keyinchalik O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida faoliyat yuritib, katta muharrir sifatida ishladi. U tayyorlagan “Bir asar tarixi” loyihasi yuqori baholanib, MTRK sovriniga munosib ko‘rildi.

Hozirgi kunda u O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tayanch doktoranti sifatida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shu bilan birga, MY5 telekanalida “Izlarim...” ko‘rsatuvi muallifi va boshlovchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ko‘rsatuvda millat ma’naviyati, adabiyot va xotira mavzulari yoritilmoqda.

Yulduz Fayziyning “Men kutgan bahor” nomli ikkinchi she’riy to‘plami ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, otasi, shoir  Ravshan Fayz ijodi jamlangan “Yurakning poyonsiz adirlarida” to‘plamini nashrga tayyorlagan.

U “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi, shuningdek, “Oltin qalam” XVI Milliy mukofotining televideniye yo‘nalishida birinchi o‘rin sohibasi hisoblanadi.

Yulduz Fayziy faoliyatida ijod, jurnalistika va ilmiy izlanishlar uyg‘unlashgan. U “Zulfiyaxonim izdoshlari” loyihasining munosib qahramonlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Kamola Yusupova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA