Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksalishmi yoki tanazzul?
17:03 / 2021-02-11

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashkil topganiga 2022 yilda 90 yil to‘ladi.

Dastlab, ushbu jamiyat tamal toshi Rossiyadan yuborilgan mutaxassislar tomonidan qo‘yildi. 1932 yilda jamiyatning ta’sis qurultoyi chaqirilib bu tashkilotga buxorolik Zarif Ergashev rais etib tasdiqlandi. Afsuski, bevaqt o‘lim u insonni oramizdan olib ketgach, o‘rinbosar vazifasida ishlab kelayotgan Qudrat Primqulov rais bo‘ldi. U kishi jamiyatga salkam 50 yil boshchilik qildi.  

Qudrat aka ishlagan davrda jamiyatni iqtisodiy, madaniy jihatdan rivojlantirish, ko‘zi ojizlarning huquqlarini himoya qilish, maorif, madaniyat sohalarida mutaxassislar tayyorlash, dam olish va davolanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida olamshumul ishlarni amalga oshirdi. Bu rahbarning fidoyiligi natijasi o‘laroq ishlab chiqarish korxonalari, kutubxonalar, maktablar va madaniy muassasalar tashkil etildi. Ko‘zi ojizlarni ijtimoiy-siyosiy voqealardan voqif etish, badiiy tafakkurini yuksaltirish maqsadida 1947 yilda Brayl yozuvida kitob chop etadigan bosmaxona qurildi.

1957 yilda Ko‘zi ojizlarning hayoti, ijodiy salohiyatini o‘zida mujassam etgan “Bir safda” (“V odnom stroyu”) jurnali o‘zbek va rus tillarida chiqa boshladi. 1960 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Nov qishlog‘ida ko‘zi ojizlar uchun dam olish uyi foydalanishga topshirildi. Ishlab chiqarish korxonalarida poyandoz, ko‘rpa-to‘shak jildlari, turli xildagi cho‘tkalar, plastmassa, shisha, karton buyumlar, uy-ro‘zg‘or ashyolari tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ammo Q.Primqulov vafotidan keyin bu ishlar rivojlantirish o‘rniga to‘xtab qoldi. Jamiyatga qarashli ko‘plab mulklar sotildi, korxonalar yopildi va yuzlab ko‘zi ojizlar ishsiz qoldi.

Yangiyo‘ldagi dam olish uyida 1983 yilda 1700 metr chuqurlikdan tana a’zolari uchun foydali bo‘lgan radon moddasi topilgach, dam olish uyi sihatgohga aylantirildi. Sihatgoh sobiq ittifoqda, qolaversa, xorijda ham tanildi, o‘z nufuziga ega bo‘ldi. Afsuski, bugun bu sihatgoh bilan maqtana olmaymiz. Muassasa asab-yurak xastaliklarini davolashga mo‘ljallangan bo‘lsa-da bu yerda mutaxassislar yetishmaydi. Kutubxona yo‘q. Muassasani obod qilish, yangi tibbiy-davolash uskunalari keltirishga ham yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti. Vaholanki, hukumat tomonidan buning uchun mablag‘ ajratilayotgani, muassasaga e’tibor qaratilayotganidan xabardormiz. Sihatgoh ilgari o‘z yordamchi xo‘jaligiga ega edi. Biroq, sobiq rahbarlarning o‘zibo‘larligi yoki e’tiborsizligi natijasida yordamchi xo‘jalik yerlari sotib yuborilgan. Bugun esa sihatgoh xo‘jalik hisobiga o‘tdi, o‘zini ta’minlash qudratiga ega emas, degan vajlar bilan yildan-yilga yo‘llanma narxi oshirilmoqda. Bu esa jamiyatimiz a’zolarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Jamiyatimizda sport tadbirlaridan tashqari ommaviy tadbirlar xo‘jako‘rsinga tashkil qilinayotgandek taassurot uyg‘otadi kishida. Avvallari ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida musiqa va san’at tanlovlari, sport musobaqalari o‘tkazilardi, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilardi. Taassufki, bugun bu tadbirlar o‘tkazilmay qo‘yildi.

Yana bir dolzarb masala shuki, oliy o‘quv yurtini bitirayotgan yosh mutaxassislar o‘z sohasi bo‘yicha ish topolmay, sarson bo‘lmoqda. Shuningdek ishsiz qolgan ko‘zi ojizlarning ham bugungi turmushi, hayotini yaxshi deb bo‘lmaydi.

Jamiyatimiz faoliyati shunday davom etaversa, uning ertasiga ishonch ham yo‘qolib borar ekan. Bizning faxrimiz bo‘lgan sihatgoh ma’muriyatini isloh qilish, jamiyatimiz va sihatgoh nufuzini ko‘tarish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Barchamiz yakdil bo‘lib jamiyatimizning rivoji uchun kurashsak, albatta, natija bo‘ladi.  

Yangi qo‘yilgan rahbariyat yangi O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar jamiyati davrug‘ini ko‘tarishda bor bilimi, kuch-g‘ayratini sarflashidan, ko‘rsatilgan nuqsonlardan xulosa chiqarib, jamiyatimiz a’zolarini rozi qilishidan umidvormiz. Bu borada viloyat, shahar, tuman boshlang‘ich tashkilotlari rahbarlari bilan bir tanu bir jon bo‘lib, mehnat qilasalar ayni muddao bo‘lardi.  

 

Abduhamid ABDUMANNONOV,  

Samarqand shahrida yashovchi pensioner,  

1-guruh nogironi