English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksalish yo‘lida yoki Qo‘qon davlat pedagogika instituti milliy reytingda peshqadamlar safidan joy oldi (+video)
17:17 / 2023-11-02

Biz uzoq yillar kutilgan natijaga erishilganida, jamiyat, aholi hayotida jiddiy o‘zgarishga sababchi bo‘lgan hodisa sodir bo‘lganida, ushalmasdek tuyulgan orzular amalga oshganida “tarixiy voqea”, “inqilobiy qaror” kabi ibora ishlatamiz.

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar ham ana shunday voqealar sirasiga kiradi. Bugun mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb ikki barobarga ko‘paydi. Ularda ta’lim sifati oshdi. Institut va universitetlarimiz xalqaro miqyosda e’tirof etila boshlandi. Shunday o‘quv muassasalaridan biri – Qo‘qon davlat pedagogika institutidir. Zamonaviy kadrlarni tayyorlovchi respublikadagi yirik pedagogik muassasalardan biri sifatida unda 24 ta bakalavriat, 8 ta sirtqi va 16 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 16 000 nafar talabalar tahsil olib kelmoqda.

Institutda bugungi kun moddiy-texnika bazasiga ega 300 ga yaqin o‘quv xonalari, 21 ta o‘quv laboratoriya xonalari, stadion, 3 ta yopiq sport zali, 70 ming kitob fondiga ega zamonaviy kutubxona, 3 ta barcha qulayliklarga ega bo‘lgan turar joylar talabalar ixtiyorida.

Ta’lim dargohimizda 4 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Rossiyadagi Boshqird davlat pedagogika universiteti, Rossiya davlat kasb-hunar pedagogika universiteti, Qozon federal universiteti va Belarusning Grodno davlat universitetlari bilan 200 nafarga yaqin talaba qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitilmoqda. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga ikki oliy o‘quv yurti diplomi beriladi.

Ammo bu bugunning gaplari. 2018 yilda davlat rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholovchi milliy reyting tashkil etildi.

–57 ta oliy ta’lim muassasalari ichida institutimiz 57-o‘rinda edi. Shunda faoliyatimizga tanqidiy baho berdik. Har bir professor-o‘qituvchilar oldiga vazifa, maqsad belgilab berdik, – deydi Qo‘qon pedagogika instituti rektori Dilnoza Xodjayeva. 

Institut rahbariyati faoliyatning mutlaqo yangi tizimiga asos soldi. Unda professor–o‘qituvchilar saviyasi, talabaning bilim darajasi, o‘quv jarayonida innovatsion usullarni qo‘llash, xalqaro tajribalarga tayanish kabi o‘ndan ziyod maqsadlar ishlab chiqildi. Oradan mashaqqatli to‘rt yil o‘tgach, mamlakatdagi yuzga yaqin oliy ta’lim dargohlari reytingida Qo‘qon davlat pedagogika instituti “sakrash” qildi. U ko‘plab nufuzli oliy dargohlarni ortda qoldirib, 21-pog‘onaga ko‘tarildi. Turdosh, pedagogika institutlari o‘rtasida esa bu eng yuqori ko‘rsatkich edi. Bunga qanday omillar sababchi bo‘ldi?

–Professor–o‘qituvchilarimiz 578 nafar bo‘lsa, 2019 yilda chop etilgan, yaratilgan darsliklar miqdori bor yo‘g‘i 24 tani tashkil qilar edi. 2022 yilda esa 122 ga teng bo‘ldi. Ya’ni shu sohadagi o‘sish 400 foizni tashkil etdi, – deydi prorektor Nargiza Boboyeva. –O‘quv jarayoniga 2022 yilda 28 nafar xorijiy professor–o‘qituvchilar jalb etildi. Akademik almashuv yo‘li bilan yuzga yaqin talaba Rossiya, Qirg‘iziston, Belorussiyaga yuborildi. Xorijiy tillar o‘rganayotgan o‘nlab talabalar esa Yevropa davlatlarida tajriba almashishga muvaffaq bo‘ldi.

–O‘tgan yili ilmiy salohiyat 32 foiz bo‘lsa, bu yil 38 foizga yetdi, – deydi prorektor Nurbek Jo‘rayev. –Bundan tashqari 10 nafar talabamiz Davlat stipendiyalariga, ya’ni Prezident stipendiyasi va Navoiy nomidagi stipendiya sohibi bo‘lishdi.

–Institut faoliyat yuritganiga 90 yildan oshgan bo‘lsada, haligacha bironta ilmiy kengash bo‘lmagan. Shu yilning o‘zida ilmiy daraja beruvchi ikkita kengashga ega bo‘ldik. Hozir 10 ta yo‘nalishda doktorantura bo‘lib, ularda 80 dan ortiq yosh tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar olib borishyapti, – deya ta’kidladi Dilnoza Xodjayeva. –Yoshlarga bilim olish uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan. Talabalar Respublika va xalqaro olimpiadalarda faol ishtirok etishyapti. Kelgusida Xitoy tili filologiyasi fakultetini ochmoqchimiz. 

Qo‘qon Davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, rahbariyat nufuzli xalqaro konferensiya va anjumanlarga taklif etila boshlandi. Xitoyning eng yirik pedagogika universiteti aynan hamkorlik uchun O‘zbekistondan shu oliy ta’lim muassasasini tanladi. Chexiya Respublikasi universitetlarida yevropalik hamkasblar bilan qo‘qonlik professor–o‘qituvchilar tajriba almashuvlar yo‘lga qo‘yildi.

Dilnavoz Qo‘qon atrofidagi Shirinsuv qishlog‘idagi oddiy oila farzandi. Institut dargohida ta’lim olayotgan bu qiz bugun matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadaning bronza medali sovrindori.

–Xalqaro olimpiada shartlaridan biri matematika vazifalari ingliz tilida bo‘lib, shu tilda savol-javob qilinar edi. Men uning natijalariga ko‘ra 3-o‘rinni egalladim, – deydi IV bosqich talabasi Dilnavoz Soliyeva. –Institutimizda bilim olish uchun barcha shart–sharoitlar yetarli. Ilmiy darsliklar, kompyuter xonalari, elektron darsliklar mavjud. Mashg‘ulotlar chog‘ida chet el adabiyotlaridan foydalanamiz. Shunday yutuqqa erishishimda ustozlarimning, institutimizdagi talaba chuqur bilim olishiga yaratilgan imkoniyatlarning o‘rni katta.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/R75ooot_JU0" title="Yuksalish yo‘lida yoki Qo‘qon davlat pedagogika instituti milliy reytingda peshqadamlar safidan joy oldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Institutda ilmiy izlanma, amaliy tadqiqotlar samarali natija beryapti. Uchta loyihaga 1 mlrd. so‘m mablag‘ jalb etildi. “Qo‘qon adabiy muhiti” va “Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun” nomli elektron platforma yaratildi. 

–Uchinchi loyihada aynan imkoniyati cheklangan yoshlar uchun “brayl” shaxmat yaratildi, – deydi Nurbek Jo‘rayev. –Bu loyiha respublika bo‘yicha joriy etilgan. Unga vazirligimiz 492 million so‘m grant mablag‘i ajratdi.

Darvoqe, institutda uning yo‘nalishiga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi, maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti – bolalar bog‘chasi uchligi tashkil etildi. Ilmiy tadqiqotlar ham, talabalar amaliyoti ham shunday tajribaga asoslanadi.

–21-o‘rinda biz to‘xtab qolmaymiz. Chunki natijani ko‘rdik, tajribamiz ortmoqda. Maqsadimiz kelgusi yili birinchi o‘nlikdan joy olishdir, – deydi rektor Dilnoza Xodjayeva. 

Qo‘qon davlat pedagogika institutida hali foydalanilmagan imkoniyatlar talaygina. Muhimi – jamoada qat’iy intilish, o‘ziga ishonch bor. Ular milliy reytingda peshqadamlar safidan joy olsa, endi bunga “tarixiy voqea” deb emas, balki izchil mehnat natijasi deb qaraladi.

Muallif: Muhammadjon Obidov.

Tasvirchi: Elyor Olimov.