Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksalish – davr talabi
17:41 / 2022-06-20

O‘zbekistonda 10 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlari bilan bir qatorda ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida strategik jihatdan muhim ahamiyat kasb etuvchi maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda. Puxta o‘ylangan va har tomonlama asoslangan bunday o‘zgarishlar, islohotlar pirovardida aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini yuksaltirish, fuqarolik jamiyatining tarkibini tashkil etuvchi yangi demokratik institutlar — ko‘p partiyaviylik tizimi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Shubhasiz, “uchinchi sektor” deb nom olgan fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekistonda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shaxs huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bularning barchasi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini isloh etish hamda demokratlashtirish, rivojlantirish jarayoni takomillashayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali sohani jadal rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Zero, fuqarolik jamiyati institutlari – nodavlat notijorat va siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, OAV va boshqalar fuqarolik jamiyatining negizini tashkil qiladi, ular jamiyatning huquqiy ongi, madaniyatini, huquqiy, siyosiy va fuqarolik faolligini oshishiga, milliy o‘zligini anglashiga, ma’naviy va ma’rifiy tafakkurining boyishiga, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirilishi hamda o‘z kelajagini o‘zi bunyod etishiga bevosita ta’sir etadi.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2021 yilning 3 mart kuni Prezidentining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 4 mart kuni esa, “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida yangi sahifani ochib berdi.

Mazkur islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini yanada oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.

Yuqoridagi Prezident farmoni va qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) tomonidan tanlov asosida tanlab olingan 50 nafar eng faol nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari boshqaruvi” yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kursida tahsil oldi. Bu albatta, davlatimiz rahbarining nodavlat notijorat tashkilotlariga ko‘rsatayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligining amaldagi ifodasidir.

O‘quvlarda tinglovchilarga nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining jamiyatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishdagi muhim strategik maqsad va vazifalari to‘g‘risida tizimli yondashuvga asoslangan to‘liq umumkasbiy bilimlarini shakllantirish, faoliyatiga oid xalqaro tajriba bo‘yicha eng zamonaviy nazariy bilimlar bilan tanishtirish, davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali tashkil qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda ish vaqtini oqilona taqsimlash, inson resurslarini boshqarish, shaxsiy samaradorlikka erishishda boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha zaruriy bilimlar berildi.

O‘quv kursi oxirida tashkil etilgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Sh.Bekmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.A.Akbarova, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi K.N.Ishanxodjayev  bitiruvchilarni tabriklab, ularning kelgusi faoliyatiga omad tiladi. 

Tinglovchilardan so‘z olgan NNT rahbarlari davlatimiz hamda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ularning bilim malakalarini oshirishlari uchun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etdi. Ular bilimlarini kelgusida o‘z tashkilotlari hamda mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy sohalarini jadal rivojlantirishga, mamlakatda adolat va qonun ustuvorligini, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlashga, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali insonparvar davlat barpo etish uchun sarflashga so‘z berdi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining sertifikatlari NNT rahbarlariga tantanali ravishda topshirildi.

 

 

Nargiza Hamroqulova,

 “Umrboqiy meros” targ‘ibot markazi 

matbuot kotibi,

O‘zA