Xalqaro media xollda "Yuksalayotgan YANGI O‘zbekiston" nomli kitobning ilk ishchi varianti taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda kitobning mualliflari siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy jabhalardagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan mazkur nashr xususida o‘z fikrlarini bildirdilar.
– Besh yil mobaynida ushbu loyiha ustida ishladik va O‘zbekiston naqadar go‘zal, afsonaviy ekaniga guvoh bo‘ldik, – dedi avstriyalik noshir Aleksandr Vilgelm. – 2015 yilda yurtingizga ilk marta kelganman. Hozirgacha bo‘lgan o‘zgarishlar odamning aqlini shoshiradi. O‘zbekiston keskin odimlamoqda. Buni ko‘rish juda hayratli. Biz zamonaviy ham qo‘hna O‘zbekistonni ko‘rsatishga harakat qildik. Kitobni yaratishda Yevropaning bir qator davlatlari olimlarining mehnati mujassam. Kitob rus, o‘zbek, ingliz tillarida chop etiladi. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni Yevropaga, umuman butun dunyoga ko‘rsatmoqchimiz. O‘zbekiston haqida kitob yaratish o‘zimning bu yurtga bo‘lgan ehtiromim va hurmatimdan kelib chiqqan. Bu kitob chet elliklarga O‘zbekistonga oid o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lishiga ishonaman. Kitobning ilk variantini yanada to‘ldirib mukammal holatga keltirish niyatimiz bor.

– Bu ekspertlarning barchasi bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, bevosita o‘zi guvohi bo‘lgan, – dedi britaniyalik ekspert Fred Xarrison. – Kitobda biznesmenlar, tadbirkorlik doiralari bilan birga olimlar, oddiy odamlarning fikri keltirilgan. O‘zbekiston oxirgi besh yilda jahonning e’tiboriga tushib ulgurgan mamlakatdir. Biz oddiy odamlar bilan gaplashib, ular kelajakdan nimalarni kutayotganini so‘radik. Odalardagi ishonch, optimistik ruh e’tiborga molik. Juda tez orada sizlar kitobning yakuniy variantini ko‘rishga muyassar bo‘lasizlar. To‘g‘risi, men kelgusida ham O‘zbekiston haqidagi ma’rifiy maqolalarini davom ettirmoqchiman. Negaki, u bugun to‘g‘ri yo‘ldan shiddat bilan ildamlamoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA