Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksaklarga parvoz qilayotgan olima qiz
18:04 / 2021-03-04

Zulfiyaxonim izdoshlari

Mamlakatimizning bir guruh iqtidorli qizlari uchun 2021 yilning 3 mart sanasi g‘oyat quvonchli va unutilmas kun bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarori asosida turli sohalarda peshqadamlik, tashabbus va shijoat namunasini ko‘rsatayotgan qizlar munosib rag‘batlantirildi.  

Ular orasida Farg‘ona politexnika institutining kimyo-texnologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Dilnozaxon Tursunova ham bor. Bugun orzu-intilishlari qo‘llab-quvvatlangan, Zulfiyaxonim izdoshi degan sharafli nomga loyiq ko‘rilgan olima qizning tolei yorug‘ va havaslidir.  

Dilnozaning eng katta yutug‘i uning ilm-fanga cheksiz muhabbati, kitobsevarligi, izlanishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mehnat va mashaqqatdan cho‘chimasligida. Aks holda 23 yoshli yosh olima 30 dan ortiq xalqaro jurnal va ilmiy-amaliy konferensiyalarda chiqishlar qila olmagan, umumiy kimyo fani bo‘yicha xalqaro onlayn olimpiadada g‘oliblar safida bo‘la olmas edi.  

“Yil talabasi – 2019” Respublika ko‘rik-tanlovida “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi” nominatsiyasi bo‘yicha munosib ishtirok etganligi, 2020 yilda “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovining viloyat bosqichida “Iqtidorli qizning istiqbolli innovatsion g‘oyasi” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritgani yosh olimaning dadil odimlarini ko‘rsatadi. U yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Lider qizlar” festivalida Farg‘onaning faol qizlari vakili sifatida qatnashdi.  

Yosh olimaning 4 ta – “Parranda patlarining afzalliklari va ulardan foydalanish”, “Anilinni isitish uchun truba ichida truba issiqlik almashinish qurilmasini hisoblash”, “Karbamid ishlab chiqarishning sintez bo‘limi moddiy balansini hisoblash va loyihalash” va “Havo tarkibidagi benzin bug‘larini aktiv ko‘mir yordamida ushlab qolish uchun adsorbsion kolonnani hisoblash va loyihalash” mavzusidagi innovatsion loyihalari O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Institutning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti “Yoshlar tadbirkorligi yo‘nalishi” yetakchisi bo‘lgan Dilnoza Tursunova ijtimoiy tarmoqda institutning faoli va tashabbuskor qizlarining samarali faoliyati, ilmiy izlanishlari yoritib boriladigan “FarPI qizlarjon” guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

– Ilm olishni, xususan, kimyo fanini mukammal o‘rganishni o‘zimga oliy maqsad sifatida belgilab olganman, – deydi u.  

Mazkur mukofot Dilnoza kabi turli soha va tarmoqlarda qobiliyat, imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarayotgan, ta’lim, fan, adabiyot, san’at, sport sohalari hamda jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan qizlarga Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan jarayonda katta kuch va shijoat baxsh etishi, shubhasiz.

M. Sulaymonov, O‘zA