Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksak tibbiy madaniyat – salomatlik qalqoni
13:19 / 2020-04-09

Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz”.


Mulohaza va munosabat

Bugun koronavirus atalmish ofat kirib bormagan davlat deyarli qolmadi hisob. Hajmi zarraning zarrasicha keladigan bu koʻzga koʻrinmas virus butun dunyoni algʻov-dalgʻov qilib yubordi. Uning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri esa koʻlami jihatidan insoniyat duch kelgan inqirozlar ichida eng kattasi boʻlishi prognoz qilinmoqda. Kun kelib iqtisodiy-moliyaviy zararlar, albatta, tiklanadi. Ammo eʼtiborsizlik tufayli tojdor virus tarqalib, salomatlikka putur yetishi oqibatida yuzaga keladigan yoʻqotishlarni hech narsa bilan oʻlchab ham, uning oʻrnini toʻldirib ham boʻlmaydi. Negaki, hali davosi topilmagan ushbu kasallik taʼsirida hayotdan koʻz yumayotganlar soni, afsuski, kun sayin ortmoqda.

Inson eng oliy qadriyat, uning salomatligi hamma narsadan ustun qoʻyilgan mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholini bu ofat changalidan eson-omon olib chiqish uchun zarur barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlari, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga Davlat byudjetidan katta mablagʻlar yoʻnaltirilyapti.

Prezidentimiz 3-aprel kuni oʻtkazilgan koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida xalqimizga yana bir marta murojaat qilib, jumladan, shunday dedi: “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, oʻzimiz masʼulmiz”.

Tarixdan maʼlumki, buyuk tabib Ibn Sino bobomiz ham shu kabi holatlar, yaʼni epidemiya vaqtida birinchi chora sifatida odamlarning uyida qolishga, jamoat joylarda yigʻilmaslik, bozor va masjidlarni vaqtincha yopish, muloqotlardan tiyilishga chaqirgan. Mazkur tavsiyalar bugungi kunimizda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.

Chindan ham, sogʻliqni saqlash sohasi mutaxassislari bu kasallik shaxsiy gigiyenaga rioya etmaslik, insonlarning yaqin muloqoti orqali yuqishi haqida ogohlantirib, “SOVID-19” zanjirini ijtimoiy yakkalanish orqali uzishga chaqirmoqda. Shu bois yurtimizda karantin eʼlon qilindi. Shuningdek, poytaxtimiz, Nukus shahri va viloyatlar markazida transport vositalarining harakati cheklandi. Zarurat yuzasidangina koʻchaga chiqish, shunda ham yuzga niqob taqish, qoʻlga bir martalik qoʻlqop kiyish tavsiya etilyapti. Virus yuqtirib olganlar Jahon sogʻliqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davolanayotgani tufayli bugungi kunga qadar 30 nafar bemor dardni yengib, tuzalishga muvaffaq boʻlindi.

Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon gʻamxoʻrlikning yana bir yorqin namunasi boʻldi. Unga koʻra, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, shuningdek, ular faoliyat koʻrsatishi uchun zarur tovarlar 2020-yil 31-dekabrgacha bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etildi. Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimi undirilmaydigan boʻldi. Bu faqat tibbiyot yoʻnalishida taqdim etilayotgan yengilliklar, xolos. Iqtisodiyot tarmoqlari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish yoʻnalishlarida taqdim etilayotgan imtiyozlar koʻlami esa yana-da keng.

Hayot davom etmoqda. Yuzaga kelgan qiyinchilikka qaramasdan, hamma kasb egalari oʻz yumushlari band. Shifokorlarimiz sogʻligʻimiz uchun qaygʻurayotgan boʻlsa, dehqon va fermerlar, tadbirkorlar oziq-ovqat xavfsizligimizni taʼminlash yoʻlida mehnat qilishmoqda. Axir, qishloq xoʻjaligida bahorning har dami gʻanimat. Uni orqaga qaytarishning esa sira iloji yoʻq. Shuning uchun bizning Buxorodagi BCT (Buxoro paxta-toʻqimachilik), Quyi Chirchiqdagi TCT (Toshkent paxta-toʻqimachilik) klasterlarimizning 12 ming kishilik jamoasi ishni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga toʻliq amal qilgan holda tashkil etib, ekin maydonlariga toʻliq chigit ekib boʻlindi.

Taʼkidlash kerakki, epidemiologik holatning faqat yaxshi tomonga oʻzgarishi esa oʻzimizga, tibbiy madaniyatimizga bogʻliq boʻlib turibdi. Bunga ofatga qarshi kurashda ijobiy natijaga erishgan Xitoy va Singapur tajribasi, Yaponiya xalqining oʻzga xos turmush tarzi misol boʻla oladi. Prezidentimiz bu borada “yapon fenomeni”ga alohida urgʻu bergani ham bejiz emas, albatta. Chunki bu millat sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilib, kiyinish, ovqatlanish, ayniqsa, oʻziga xos salomlashish madaniyatini saqlab qolgani tahsinga loyiq.

Aslida, bu borada millatimizning ham koʻz-koʻz qilishga arziydigan urf-odatlari kam emas. Masalan, calomlashish odobini olaylik. Ota-bobolarimiz bugungidek qoʻl berib, bosh urishtirib koʻrishmagan. Yaqin qarindoshlar, yoru doʻstlar bilan ham salomlashish, soʻrashishda qoʻllarini koʻksiga qoʻygan holda, oʻzgacha nazokat namunasini namoyon etishgan. Uyga mehmon kelganda, albatta, qoʻlda obdasta, yelkada sochiq bilan qarshilangan. Bu anʼana hozir davom ettirilmoqda. Biroq sinovli kunlarda karantin talablarini qoʻpol ravishda buzish holatlari uchrab turgani, xususan, bugungi kungacha 330 kishi karantin hududini tashlab ketgani tashvishlanarli holdir.

Toʻgʻri, kundalik hayotda ijtimoiy faol boʻlgan kishining bir joyda oʻtirishi oson emas. Ammo vaqtni toʻgʻri taqsimlab, foydali ish bilan shugʻullanayotganlar uchun karantin davri masofaviy ishlash, bilim-koʻnikmalarini boyitish uchun qulay fursatdir. Uyda qolish, jamoatdan tiyilish, oʻzini yakkalash koronavirusdan himoyalanishning eng maqbul yoʻli ekanligini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham tasdiqlayotgan ekan, unga amal qilaylik. Nasib boʻlsa, ana shunda ofatni yengib, uning sinovidan betalafot oʻtishga muvaffaq boʻlamiz. Zotan, yuksak tibbiy madaniyat salomatlikning mustahkam qalqonidir.

Murtazo RAHMATOV,
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi aʼzosi.