Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yuksak saviyali sahna asarlari — teatrlar ravnaqi, yoshlar kamolotida muhim omil
14:31 / 2023-12-22

Teatr — inson ma’naviyatini yuksaltiradigan, ongu shuurini boyitadigan madaniyat maskanidir. Teatr tomoshalari ko‘zgu sifatida tomoshabin qalbini o‘zi bilan yuzma-yuz qiladi, o‘ylashga, xulosa qilishga undaydi. Shu jihatdan teatr san’ati insonni har jihatdan tarbiyalashga qodir bo‘lgan jonli san’atdir.

Yurtimizda ushbu san’atni rivojlantirish, teatrlarga tomoshabinlarni keng jalb etish, ularning repertuarini yuksak badiiy-g‘oyaviy, saviyali sahna asarlari bilan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Bu borada kelgusi yetti yillik taraqqiyotimizga xizmat qiladigan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida barcha yo‘nalish va sohalar qatori teatr san’atini rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar o‘z aksini topgan.  

Jumladan, zamonaviy teatr va sirk san’atini har tomonlama rivojlantirish, yuksak badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega sahna asarlarini yaratish, 40 ta teatr binolarini ta’mirlash va jihozlash, 6 ta yangi teatr binolarini qurish, davlat teatrlariga tomoshabinlarning yillik tashrifini 5 millionga yetkazish, shuningdek, 2 ta yangi qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil etish kabi maqsad-vazifalar belgilangan.  

Ta’kidlash joizki, yuqori saviyali sahna asarlarini yaratish, teatr binolarini ta’mirlash va yangilarini barpo etish orqali yanada qulaylikni oshirish, zamonaviy ko‘rinishga keltirish teatr san’atini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu maskanlarga tashrif buyuruvchi san’at ixlosmandlarining sonini oshiradi.  

Xo‘sh, Strategiyada belgilangan maqsad-vazifalardan kelib chiqqan holda bugun teatr jamoalarimiz qanday faoliyat olib bormoqda, qanday yangiliklar ustida ishlashmoqda?  

—  Teatr san’ati — yoshlar, umuman, tomoshabinlar ma’naviyatini yuksaltirishda, san’atga bo‘lgan mehrini oshirishda muhim o‘rin tutadi, — deydi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori Azim Mullaxonov. — Teatr bu — ko‘zgu. Tomoshabin teatr tomoshasidan keyin o‘zi uchun, ma’naviyatini boyitish uchun nimadir olib chiqib ketishi kerak. Teatrimizda barcha monolog, qo‘shiq va arialar jonli ijro etiladi. Bu esa tomoshabinga katta zavq beradi, asl san’atimizdan bahramand bo‘lishiga zamin yaratadi. Bugun zamonaviy texnologiyalar, axborot kommunikatsiyalari rivojlanmoqda. Ana shunday davrda jonli ijrolarni, asl san’atni tomoshabinga yetkazib berish, tomoshabinni ushlab turish teatr jamoasidan katta mahoratni talab qiladi.  

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida teatr san’atini rivojlantirish borasida belgilangan maqsad-vazifalardan kelib chiqqan holda repertuarimizni badiiy-g‘oyaviy jihatdan yuksak asarlar bilan boyitishga harakat qilayapmiz. Bu yil teatrimizda yozuvchi Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Zamon Avloniysi yoxud bizga maktab kerak” nomli hayotiy asar sahnalashtirildi. Ushbu spektakl oddiy qishloq maktabida matematika fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan To‘xtamurod Jumayevning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Bu fidoyi o‘qituvchi buyuk bobolarimizga o‘xshagan avlodlar yetishib chiqishi uchun harakat qilgan, turli to‘siqlarga, bo‘htonlarga qaramay, zamonaviy maktab yaratishga intilgan jonkuyar inson bo‘lgan. Bu yo‘lda hatto sog‘lig‘idan ham ajralgan. Harakatlari besamar ketmay, olis Qorako‘l tumanida jahonga mashhur maktabni yarata olgan.    

Ochig‘i, teatr sahnamizdan bu kabi mavzular deyarli tushib qolgan edi. Asosan, sevgi-muhabbat, maishiy mavzular, komedik asarlar ko‘p qo‘yilayotgan edi. Jiddiy mavzular, xususan, o‘qituvchi qahramon sifatida olib chiqilmaganiga ancha bo‘lgandi. Lekin ushbu asarimiz tomoshabinlar tomonidan juda iliq kutib olindi. Premerasi ham o‘zgacha ruhda o‘tdi — ustozning oilasi, farzandlari, shogirdlari qatnashishdi.  

Aytmoqchimanki, yuksak asarlarni sahnaga olib chiqish va tomoshabinlarni jalb etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Kelgusida shu kabi g‘oyalarimizni davom ettiramiz. Teatrga tomoshabinlarni ko‘paytirish uchun, albatta, yuqori saviyali asarlarni ko‘paytirishimiz kerak. Bu borada ko‘plab rejalarimiz bor. Vohaning o‘ziga xos san’atini, musiqa asboblarini namoyish etishga qaratilgan asarlar qo‘yish niyatidamiz.  

2023 yilda teatrimiz va oliy va o‘rta ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Talaba-yoshlar va maktab o‘quvchilarining teatrimizga tashriflari tashkil etilmoqda, yoshlar sahna tomoshalarini ko‘rib ketishmoqda.  

Musiqali teatrimiz faoliyatiga oid yana muhim yangiliklardan biri davlatimiz rahbari tomonidan ko‘p yillik tarixga ega Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga akademik unvon berish taklifi ilgari surilganidir. Albatta, 85 yillik tarixga ega teatrimizda Soyib Xo‘jayev, Hamza Umarov, Lutfixonim Sarimsoqova, Razzoq Hamroyev, Farog‘at Rahmatova, Baxtiyor Ixtiyorov, E’tibor Jalilova kabi san’atimizning darg‘alari bo‘lgan ustoz san’atkorlar faoliyat ko‘rsatgan. Ana shunday buyuk ustozlarimiz yetishib chiqqan teatrimizga akademik maqom berish taklifi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi. Ushbu yuksak maqomning berilishi, albatta, jamoamizdan ham mas’uliyat va yanada yuksak mahoratni talab etadi, qo‘yiladigan asarlarimiz saviyasi ham shunga munosib bo‘lishi kerak. Akademik maqom berilishi, o‘z navbatida, teatrimizning moddiy jihatdan yaxshilanishiga ham turtki bo‘ladi, — deydi A.Mullaxonov.  

Darhaqiqat, teatrlarimiz bugungi kun talabiga muvofiq rivojlantirilishi, sahnalarga yuksak g‘oyalarni o‘zida jamlagan jiddiy asarlarning olib chiqilishi Strategiyada belgilangan vazifalar bilan hamohanglik kasb etadi. Eng muhimi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirishga qaratilgan asarlarni ko‘paytirish, ularning san’at yo‘nalishlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish — yosh avlodning betakror san’atimizdan, boy tariximizdan bahramand bo‘lishini ta’minlaydi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA