French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yuksak niyat tekstil” korxonasining niyatlari ham yuksak
19:22 / 2022-07-23

Jizzax viloyati Forish tumanida ayollar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish va ijtimoiy muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar tahsinga sazovor. Ayniqsa bu ishlar sektorlar kesimida – “mahallabay” tizimida olib borilayotgani e’tiborlidir.

Jumladan, 4-sektor hududidagi “Xonbandi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi ishsiz, ehtiyojmand, kam ta’minlangan xotin-qizlar qisqa muddatli kasb-hunar o‘rgatish o‘quv markazida o‘qitildi. Xotin-qizlar o‘quv kursida malakali ustozlardan tikuvchilik sir-asrorlarini astoydil o‘rgandi. Shuningdek, ushbu sektorda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan ishlash, bandligini ta’minlash, yashash, uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasidagi chora-tadbirlar ham ijobiy samarabermoqda. 

Tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sanjar Hafizov tashabbusi bilan “Xonbandi” MFYning idorasi joylashgan binoning 2-qavatida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz aholini kasb-hunarga tayyorlash maqsadida “Yuksak niyat tekstil” tikuvchilik korxonasi tashkil etildi. bugungi kunda ushbu tikuvchilik korxonasida o‘quv kurslarini tamomlab kelgan 50 dan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. 

“Yuksak niyat tekstil” tikuvchilik korxonasida ayni paytda buyurtma asosida turli xildagi erkaklar, ayollar va bolalar uchun liboslar, ishchi-xizmatchilar uchun maxsus kiyim-bosh tikish yo‘lga qo‘yilib, korxona mahsuloti asosan ichki bozorga yetkazib berilmoqda.

Jamoa a’zolari yaqin kelajakda mahsulot turi, sifati va miqdorini yanada oshirib, o‘z mahsulotlarini nafaqat qo‘shni viloyatlarga, balki, xorijga ham eksport qilishni maqsad qilgan. Bu esa yoshlar, xotin-qizlar uchun yana qo‘shimcha ish o‘rni deganidir.

A.QAYUMOV, O‘zA