Bugun harakat qilgan, maqsadi sari intilgan borki, yaxshi natijalarga erishmoqda. Masalan, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Poshton mahallasida yashovchi Dilafruz Normo‘minova tikuvchilik hunariga o‘quvchilik yillaridan buyon qiziqadi. Momosidan qolgan dastgoh uning yagona ish quroli edi. Zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lmasada ushbu dastgoh orqali Dilafruz mahalladagi xotin-qizlarning istaklariga mos liboslar tikishni uddasidan chiqib kelardi. Lekin talablar o‘zgaryapti, dunyoqarash shakllanyapti. Zamon bilan hamnafas yurilmasa, raqobatga bardosh berish qiyin. Dilafruzda ham zamonaviy tikuv dastgohi olishga ehtiyoj tug‘ila boshladi. Muddaosini mahalladagi yoshlar yetakchisiga bildirdi.
Yetakchining kiritgan taklifiga binoan Dilafruzga ham subsidiya asosida bir dona tikuv mashinasi ajratildi. Bu qo‘llab-quvvatlovga Dilafruz o‘z mehnatsevarligi, tashabbuskorligi bilan javob berdi. Hunarga bo‘lgan mehri orqali qisqa vaqt ichida o‘z sohasida katta natijalarga erisha boshladi.
Buyurtmalar ko‘payib, ish hajmi ortgach, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Yoniga shogirdlar oldi. Hunarmandlar uyushmasi a’zoligiga ham qabul qilindi.

Ayni paytda uning mo‘’jazgina tikuvchilik sexida milliy an’analarga xos va zamonaviy uslubdagi kiyim-kechaklar, pardalar, quroq tikish, kashtachilik, ko‘rpa-ko‘rpacha qovush kabi turli xil mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Muhim jihati shundaki, Dilafruz Normo‘minova nafaqat o‘zi mehnat qilmoqda, balki shogirdlar tayyorlash va ularni to‘liq o‘qitish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Hozirgi kunda uning qo‘l ostida 15 nafardan ortiq xotin-qizlar ham tikuvchilik hunari sirlarini o‘rganmoqda. Ularni amaliyot asosida o‘qitishga alohida e’tibor qaratib, har 6 oyda 10 nafar xotin-qizni tikish hunariga o‘rgatib, ularni sertifikat bilan ta’minlash tizimini joriy etgan.
– Ilgari ishsiz edim, ro‘zg‘or ishlariga o‘ralashib qolgandim, – deydi Dilafro‘z Normo‘minova. – Hukumatimiz tomonidan zamonaviy tikuvchilik dastgohi berilgach, ishlarim yurishib ketdi. Buyurtmalar ko‘payib, oila byudjetiga o‘z hissamni qo‘sha boshladim. Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatimizni kengaytirib, mahsulotlar turlarini ham ko‘paytirib bormoqdamiz. Orttirgan daromadimizdan moddiy texnik bazamizni mustahkamlab boryapmiz. Kelgusida ish faoliyatimizni yanada rivojlantirish ustida ishlayapmiz.
Bu mehnatsevar tadbirkor ayolning faoliyati hunarmandchilikni rivojlantirish, ayollarni ish bilan ta’minlash va yoshlarni kasbga yo‘naltirish borasida yorqin namuna. Dilafro‘z Normo‘minova kabi hunarmand ayollarning ko‘payishi, ayniqsa, olis qishloqlarda faqat ro‘zg‘or tashvishlari bilan ovora bo‘lib qolgan xotin-qizlar uchun umid uchquni bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri